Termiz shahrida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov voha xotin-qizlarini yurtimizga go‘zal bahorni yetaklab kelgan ilk ayyom bilan tabrikladi. Muhtarama opa-singillrimizning, munis ona va momolarimizning yurt taraqqiyoti, Vatanimiz obodligi, yosh avlod tarbiyasi yo‘lida amalga oshirayotgan ezgu ishlarini alohida e’tirof etdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda oila institutini mustahkamlab, xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan viloyatning turli sohalarida faol mehnat qilayotgan bir guruh jamiyatimiz gultojlari davlatimizning yuksak orden va medallari, ikki nafar iste’dodli, izlanuvchan qiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani, shuningdek, 17 nafar xotin-qiz “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanayotgani ham ana shu e’tibor va e’zozning amaldagi ifodasidir.

Viloyat aholisining 1 million 420 mingdan ortig‘i xotin-qizlar bo‘lib, ular ijtimoiy hayotning barcha sohalarini isloh qilishda, davlat va jamiyat qurilishida faol ishtirok etmoqda. Ayni paytda bir nafar ayol Oliy Majlis Senati a’zosi, 2 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, 16 nafari Xalq deputatlari viloyat Kengashi, 88 nafari tuman, shahar Kengashlari deputati sifatida faoliyat yuritmoqda. Viloyatdagi davlat, jamoat tashkilotlari, korxona va muassasalarda 1 ming 162 nafar xotin-qiz rahbarlik lavozimlarida xizmat qilayotir. Keyingi yillarda 70 nafardan ortiq xotin-qiz davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgani ham Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ayollarning o‘rni mustahkamlanib borayotganiga yaqqol dalildir.

Viloyatda xotin-qizlar e’zozlanib, ularni ijtimoiy himoya qilish, hayotda duch kelayotgan muammolarini yechish muhim vazifalardan biri sifatida belgilab olingan. Shunga muvofiq birgina o‘tgan yili “Ayollar daftari”ni yuritish orqali 70 mingdan ortiq xotin-qizga ijtimoiy yordam ko‘rsatildi. 624 nafar turarjoysiz xotin-qiz uy bilan ta’minlandi, 104 nafar nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayolning uy-joyi ta’mirlab berildi. Joriy yilda ham og‘ir ijtimoiy holatga tushgan ayollar uchun 300 xonadonga mo‘ljallangan turarjoy binosi bunyod etilmoqda.
Vohadagi 150 nafar muhtoj xotin-qizning oliy o‘quv yurtlarida o‘qishi uchun shartnoma mablag‘lari to‘lab berildi. Joriy o‘quv yilida viloyatdagi ehtiyojmand oilalarning 290 nafar qizi tavsiyanoma asosida oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli– 4 foizli kvota asosida o‘qishga qabul qilindi.

O‘tgan yili 21 ming 975 nafar xotin-qizga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 404 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi. “Bir hunarmandga – o‘n shogird” loyihasi asosida 8 ming 675 xotin-qiz hunarmandchilikka o‘rgatildi. 6 ming 230 nafar xotin-qiz uy sharoitida kasanachilikka jalb etildi.
Davlat boshqaruvining turli sohalarida faoliyat olib borayotgan rahbarlik salohiyati va qobiliyatiga ega 1 ming 742 nafar xotin-qizdan zaxira kadrlar shakllantirilib, ularning 7 nafari Davlat boshqaruv akademiyasida “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturi asosida o‘qitildi. Bu yil yana o‘n nafari o‘qitilib, rahbarlik ko‘nikmalari oshiriladi.

Tantanali marosimda “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishonlari o‘z sohibalariga topshirildi. Bir guruh fidoyi xotin-qizlar viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Og‘ir ijtimoiy holatga tushgan o‘n ayolga yangi xonadonning egaligini tasdiqlovchi sertifikatlar berildi.
To‘kin dasturxon atrofida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri