Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda xalqaro sayyohlik yarmarkasini oʻtkazishga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda
17:50 / 2020-10-27

Joriy yilning 11-13-noyabr kunlari mamlakatimizda ilk marta Zoom platformasi orqali onlayn shaklda boʻlib oʻtadigan “Ipak yoʻlida turizm” 26-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasiga Surxondaryo viloyatida puhta hozirlik koʻrilmoqda.


Joriy yilning 11-13-noyabr kunlari mamlakatimizda ilk marta Zoom platformasi orqali onlayn shaklda boʻlib oʻtadigan “Ipak yoʻlida turizm” 26-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasiga Surxondaryo viloyatida puhta hozirlik koʻrilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan 25 yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan xalqaro yarmarka mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini dunyoga keng namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tadbirda oʻtgan yillarda faol ishtirok etgan surxondaryolik sayohlik firmalari, mehmonxona mutaxassislari, xizmat koʻrsatish sohasi vakillari va hunarmandlar xorijlik sayyohlarga hududning boy turistik imkoniyatlari va turistik obyektlarini, turli xizmatlar koʻrsatish sifati va milliy hunarmandchilik buyumlarini targʻib qildi.

Sayyohlik firmalari va mehmonxona xoʻjaligi vakillari chet ellik sheriklari bilan oʻzaro hamkorlik kelishuvlarini tuzib, jahonning turli davlatlaridan turistlarni jalb etdi. Mohir hunarmandlar ishlab chiqarayotgan koʻplab noyob milliy buyumlar ham oʻz xaridorini topdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasidan maʼlum qilishlaricha, dunyo hamjamiyatini jiddiy tashvishga qoʻygan pandemiya sharoitida nufuzli yarmarkaning onlayn shaklda forum koʻrinishida oʻtkazilayotgani ham Oʻzbekistonda iqtisodiyotning yetakchi tarmogʻiga aylanayotgan turizmni qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning yana bir namunasi boʻlmoqda. Anʼanaviy sayyohlik yarmarkasi kelgusida viloyatga yana-da koʻproq turistlarni jalb etishga yaqindan koʻmaklashadi. Qadimiy Buyuk Ipak yoʻli turizmini qayta tiklash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni izchil davom ettirishga qulay muhit yaratadi.

– Koronavirus infeksiyasi tufayli oʻtayotgan yilda vohaga turistlar oqimi keskin kamaydi, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Z. Alimardonova. – Albatta, bu hududdagi sayyohlik firmalari, mehmonxona xoʻjaligi va turizmga yondosh boshqa tadbirkorlik subyektlariga oʻz taʼsirini oʻtkazdi.

Davlatimiz tomonidan koʻrilgan izchil choralar sababli ular bu holdan tushkunlikka tushib qolgani yoʻq. Shu bois ham 11-13-noyabr kunlari onlayn shaklda boʻlib oʻtadigan xalqaro turizm yarmarkasida faol qatnashish istagini bildirmoqda. Ayni paytda biz ularga forum shaklida tashkil etiladigan yarmarkaning ahamiyati, oʻtkazilish shakllari va onlayn tadbirda ruyxatdan oʻtish yoʻllarini keng tushuntirayapmiz.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Zoom platformasi orqali onlayn shaklda boʻlib oʻtadigan “Ipak yoʻlida turizm” 26-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida viloyatdan 38 ta turistik firma, 52 ta mehmonxona mutaxassislari, ikkita yirik muzey, shuningdek, Hakim Termiziy va Iso Termiziy ziyoratgohlari vakillari, eng mohir hunarmandlar bevosita ishtirokchi sifatida qatnashishi moʻljallanmoqda.

Qator oilaviy mehmon uylari va turistlarga xizmat koʻrsatadigan ayrim tadbirkorlik subyektlarining tomoshabin sifatida ishtirok etishini taʼminlash rejalashtirilmoqda. Belgilangan tartibga koʻra, onlayn forumning bevosita ishtirokchilariga qiziqarli maʼruzalarni tinglab, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyati yaratiladi. Tomoshabin sifatida roʻyxatdan oʻtgan qatnashchilar faqat anjumanlarni tomosha qilib, kuzatish huquqiga ega boʻladi.

Viloyatda tashkil etilayotgan targʻibot tadbirlarida nufuzli yarmarkaning ana shu jihatlari haqida ham atroflicha maʼlumot berilmoqda.

photo_2020-10-27_17-43-50.jpg

photo_2020-10-27_17-43-54 (2).jpg

photo_2020-10-27_17-43-54.jpg

photo_2020-10-27_17-43-57.jpg