Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Okrug hududidagi uchastka saylov komissiyalari tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilgan yig‘ilishda Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasining kalendar rejasiga muvofiq uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida tuzilishi ta’kidlandi. Milliy qonunchiligimizda uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilgach, Xalq deputatlari tuman, shahar kengashlarining majlislarida muhokama qilinib, tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etilishi belgilangan. Shunga ko‘ra, viloyatda tashkil etilgan 861 ta saylov uchastka komissiyasiga nomzodlar ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi.
– Mahalliy kengashlarning uchastka komissiyalari tarkibi bo‘yicha tavsiyalarini chuqur o‘rganib chiqdik, – deydi okrug saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Rasul To‘rayev. – Uchastka komissiyasi a’zoligiga nomzodlar yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy ma’lumotga, muhim siyosiy jarayonlarga hozirlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bo‘yicha ish tajribasiga egaligi va aholi o‘rtasida qozongan obro‘-e’tiboriga alohida ahamiyat berildi. Gender tengligini ta’minlash, ular orasida iqtisodchilar, huquqshunoslar, pedagoglar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bo‘lishiga katta e’tibor qaratildi.
Joriy yilning 9 iyul kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida okrug hududidagi saylov uchastkalarida 9 ming 663 nafar komissiya azosi faoliyat yuritadi. Ularning 7 ming 619 nafari referendum va ilgari saylovlarda ishtirok etgan fuqarolar bo‘lib, 4 ming 688 nafari xalq ta’limi xodimlari, 2 ming 44 nafari referendum va muqaddam saylovlarda qatnashgan yoshlardir.
Yig‘ilishda shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi tasdiqlagan dastur asosida uchastka saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitish va bu jarayonda okrug komissiyasi a’zolari amalga oshiradigan vazifalar ham belgilab olindi. Tegishli qaror qabul qilindi. Yig‘ilish yakunida markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing o‘tkazildi. Unda okrug saylov komissiyasining mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy jarayonga ko‘rayotgan tayyorgarlik ishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA