Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda tibbiyot yuksalish bosqichida
15:36 / 2024-02-28

Xalqimizda “To‘rt muchasi sog‘lom inson -baxtlidir”, degan purma’no gap bejiz aytilmagan. Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotganida ham chuqur ma’no bor. Zero, inson sog‘lom bo‘lsa, ko‘ngli obod, g‘am-g‘ussadan xoli, oilasi xotirjam yashaydi. Tanasi sog‘lom kishining mehnatida unum, yuzida hayotdan rozilik alomati bo‘ladi.

Surxondaryo xalqi keyingi yillarda sog‘liqni saqlash tizimida yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlardan faxr hissini tuyib yashamoqda. Chunki, bundan yetti-sakkiz yil avval ham tibbiyot sohasida yuzaga kelgan muammolar aholini jiddiy o‘ylantirib qo‘ygan edi. Ekologik o‘zgarishlar sababli kasallanish darajasi o‘sib, shifoxonalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash o‘z holiga tashlab qo‘yilgan va malakali tibbiyot xodimlarga ehtiyoj oshgan edi. Soha mutaxassisi bo‘lishni orzu qilgan yoshlarning poytaxtga yoki boshqa shaharlardagi tibbiyot institutlariga borib o‘qishga imkoni yetmas edi. O‘sha davrda viloyatda uch mingdan ortiq oliy ma’lumotli tibbiyot xodimiga ehtiyoj bor, degan gaplar yurardi. Shu bois Oliy Majlis deputatligiga nomzodi qo‘yilgan inson agar saylanib qolgudek bo‘lsa, Termizda tibbiyot instituti ochishni quyuq va’da berardi...

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishgan ilk yildayoq bu masalaga alohida e’tibor qaratgach, Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali tashkil etildi. Bu qaror viloyat sog‘liqni saqlash sohasiga malakali kadrlar tayyorlash muammosini hal etdi. Shuningdek, tibbiyot muassasalarining zamonaviy xorij apparatlari bilan ta’minlanib, kasalliklarni erta aniqlash imkoniyati yaratilgani, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari tashkil etilib, yurak-qon tomir, buyrak, jigar kabi kasalliklarni shu yerning o‘zida davolash, murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani bemorlarning mamlakatimiz shaharlari va xorijga borib davolanishiga chek qo‘ydi. 

Viloyatda sog‘liqni saqlash tizimiga qaratilgan bunday e’tibor chekka va olis vohada yashayotgan yosh-u keksaning asriy orzularini ro‘yobga chiqarib, hayotidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda. 

—Qisqa davrda yuz bergan bu o‘zgarishlar biz uchun ushalmas orzu edi,–deydi tajribali shifokor, O‘zbekiston Qahramoni Rahmon Muhammadiyev.–Xayolimizga kelmagan yangilanishlar bo‘ldi. Tibbiyot xodimlarini tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasasining ochilishi, barcha sharoitlarga ega ixtisoslashgan tibbiy muassasalar, tibbiyot klasterining qurilishi sog‘liqni saqlash tizimini tamomila yangi bosqichga olib chiqdi. Bemorlar shifo izlab olis shaharlar va xorijga qatnashdek mushkul muammolardan qutildi.

Kasalliklarning oldini olish va bemorlarni sifatli davolab, odamlarning hayotidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashga qaratilgan bu ishlar uzoqni ko‘zlagan islohotlar va katta mablag‘ evaziga amalga oshirilmoqda. Jumladan, ayni paytda viloyat markazida qad rostlayotgan ko‘p qavatli tibbiyot klasterini bunyod etish uchun qariyb 79 milliard so‘m mablag‘ sarflanayotir. 300 o‘rinli muhtasham binoda talabalar o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini o‘tash barobarida bemorlarga eng zamonaviy tibbiy xizmat ham ko‘rsatiladi. 

Vohada sohani rivojlantirish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va dori vositalari bilan ta’minlash samaradorligini oshirdi. Malakali birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan keng foydalanish imkoniyati yaratilib, o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatilishi va qamrab olinishi tubdan yaxshilanmoqda. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tizimi kasalliklarning oldini olib, aholi o‘rtasida profilaktika va patronaj ishlariga qayta yo‘naltirildi. Qishloq vrachlik punktlari oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda xizmat ko‘rsatish vaqti uzaytirilib, aholining birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan foydalanish imkoniyati kengaydi. Tun-u kun davomida mobil ishlaydigan, yaxshi jihozlangan tez yordam podstansiyalarini tashkil etish va foydalanish yo‘lga qo‘yildi.

—Bilasizmi, inson qadr-qimmati ulug‘lanayotgan mamlakatimizda uning salomatligini ishonchli muhofaza qilish, har qanday kasallikdan xoli tarzda baxtli va farovon hayot kechirishiga shart-sharoit yaratish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylandi, —deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Komil Abduvohidov. —Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar eng avvalo ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish va ularning tibbiy xizmatdan bahramand bo‘lishini ta’minlash muqaddas burchimizga aylandi. Keyingi yillarda voha va tumanlar markazida ixtisoslashgan shifoxonalar, chekka hududlarda 36 ta oila shifokorlik punkti, 5 ta oilaviy poliklinika tashkil etilgani, tuman markazidan uzoqda joylashgan mahallalarda 237 ta “Mahalla tibbiyot punkti” ishga tushirilgani ham bunga yaqqol dalildir. Bizning asosiy maqsadimiz har bir mahalla va xonadongacha kirib borib, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish g‘oyasini umummilliy harakatga, tibbiy madaniyatni esa qadriyatga aylantirishdir.

Prezidentimiz o‘tgan yil 16-17-noyabr kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida bu boradagi ishlar natijadorligini yanada oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlarni bergan edi. Shunga muvofiq tibbiyot xodimlari aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, jismoniy faollikni kunlik odatga aylantirishni ham muhim vazifalardan biri sifatida belgilab oldi. Aholining umr davomiyligini oshirish, sog‘lom qarilikni ta’minlashga qaratilgan skrining dasturlarini davom ettirib, kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash darajasini 50 foizga yetkazish rejalashtirildi. Birlamchi tibbiy yordamni xalqimizga yanada yaqinlashtirish maqsadida kelgusida 25 ta poliklinika va oilaviy shifokorlik punkti, 20 ta mahalla tibbiy punkti tashkil etiladi.

Janubdagi davolash profilaktika muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi, shifokorlarning kasbiy mahorati oshirilayotgani mamlakatimizning boshqa hududlarida amalga oshiriladigan yuqori texnologiyali amaliyotlarni shu yerning o‘zida joriy etishga qulay muhim yaratdi. Xususan, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ochiq yurak jarrohlik amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Viloyat kardiologiya markazi va Denov tuman tibbiyot birlashmasiga angiograf apparatining o‘rnatilishi shu paytgacha mahalliy sharoitda amalga oshirilmagan yurak tug‘ma nuqsoni, yurak ishemik kasalligining surunkali va o‘tkir formalarini jarrohlik usulida davolash, bosh miya, buyrak va katta qon tomirlarining shikastlanishi bilan kechadigan kasalliklarni davolash hamda yurak aritmiyalarini jarrohlik usulida radiochastotali oblatsiya va elektrokardiostimulyator o‘rnatish kabi amaliyotlarni muvaffaqiyatli bajarishga keng imkoniyat yaratdi. Organizmning yurak qon tomiri kasalliklari diagnostikasi uchun angiografiya usulidan foydalanish o‘zlashtirildi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qisqa vaqtda 2 ming 500 ga yaqin bemorda yuqori texnologik amaliyot o‘tkazildi. 

Joriy yilda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi negizida yangi markazni qurib, ishga tushirish ham mo‘ljallanmoqda.Zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi sohaning barcha ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlarini o‘zida birlashtirib, yuqori texnologiyali tibbiy apparaturalar bilan jihozlanadi. Bu ishlar mamlakatimizning yirik shaharlarida amalga oshiriladigan murakkab amaliyotlarni ham shu yerning o‘zida bajarish imkoniyati yaratadi. 

Voha aholisi ko‘p yillar ko‘rsatiladigan tez tibbiy yordam xizmatidan qoniqmay yashadi. Bu masalani hal etish uchun avtotransport parki tubdan yangilanib, viloyatga 84 ta “Folksvagen” va 6 ta “Xunday” rusumli tez tibbiy yordam avtotransport vositasi keltirildi. 
Onalar va bolalar salomatligini ishonchli muhofaza qilish uchun bolalar va tug‘ruq komplekslarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda tug‘ruq o‘rinlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda bu yil ham tug‘ruq tizimiga qo‘shimcha 80 o‘rin ajratish rejalashtirilgan. Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bolalar kardioxirurgiya bo‘limi tashkil etilib, zamonoviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi.

Inson isitmasiz bo‘lmaydi. Yaqin yillarda ham viloyatda tobi qochib qolgan kishining aksariyati o‘z imkoniyatiga qarab, mamlakatimiz poytaxti yoki Samarqand, Qarshi shaharlaridan shifo izlab, yo‘lga tushar edi. Endilikda nafaqat kasalliklarni aniqlash, balki murakkab jarrohlik amaliyotlari ham Termizning o‘zida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Bu odamlarning ortiqcha mablag‘ sarflashi va ovoragarchiliklariga chek qo‘ymoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadr-qimmatini ulug‘lab, salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik ifodasidir.

Xolmo‘min Mamatrayimov,O‘zA muxbiri