Oltinsoy tumanidagi “Xo‘jaipok” sanatoriy-sog‘lomlashtirish va dam olish majmuasida tibbiyot forumi o‘tkazildi.

Unda Surxondaryo viloyatidagi davolash profilaktika muassasalari rahbarlari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlarining davolash ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari, bosh hamshiralar va tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 aprel kuni hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, turizm yo‘nalishlarini ko‘paytirish, sayyohlarga sharoitlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama etilib, muhim vazifalar belgilandi.

Surxondaryo viloyatida turizmning ko‘plab tarmoqlari, jumladan, tibbiyot turizmini rivojlantirish uchun katta imkoniyat mavjud. Voha so‘lim tog‘lar qo‘ynidagi Omonxona, Xo‘jamayxona, Xo‘jaipok, O‘rinbuloq kabi ma’danli suvlari bilan tanilgan. Mutaxassislarning fikricha, birgina Oltinsoy tumanidagi Xo‘jaipok oltingugurt suvi o‘n beshdan ortiq og‘ir, o‘tkir va yuqumli kasalliklardan forig‘ bo‘lishga yordam beradi. Tabiiy samarali vosita sifatida tayanch harakat tizimi, akusher-ginekologik kasalliklar, asab tizimi, jigar, buyrak, teri tanosil va boshqa xastaliklarni davolashga ko‘maklashadi.

Turli minerallarga boy Omonxona bulog‘i suvi iste’mol qilinganda o‘t suruvchi, siydik haydovchi, qon bosimini tushirish xususiyatiga egaligi, surunkali gepatit, surunkali xoletsistit (o‘t pufagi yo‘llarining yallig‘lanishi), oshqozon-ichak tizimida uchraydigan gastrit, duodenit, kolit, qandli diabet, oshqozon osti bezining yallig‘lanishi (pankreatit), xafaqon (qon bosimi) va boshqa kasalliklarlarga davoligi bilan dunyoga tanilgan.
Salomatlik jonkuyarlarini bir joyda jamlagan tadbirda Boysun va Oltinsoy tumanlarida zamonaviy sanatoriy-kurort zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari dasturi ijrosini ta’minlab, tibbiyot turizmini yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Zamonaviy tibbiy diagnostika xizmatlarini yanada rivojlantirish, shifobaxsh suvlar qatoriga kiritilgan sanatoriy-sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik suvlardan foydalanish tartibi, tibbiyot hamda sog‘lomlashtirish muassasalarining davlat tili va xorijiy tillarda yagona reyestrini shakllantirib, doimiy yangilab borish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan fikr almashildi.
– Tibbiyot turizmini yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat bor, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Samadov. – Bunga qo‘shni davlatlardan kelib, shifobaxsh suvlardan bahramand bo‘layotgan, shuningdek, so‘lim maskanlarimizda maroqli dam olib, sog‘lomlashayotgan sayyohlar safi kengayib borayotgani yaqqol dalildir. Bu imkoniyatdan yanada samaraliroq foydalanish uchun xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, keluvchilarga qulay sharoitlar yaratishga e’tiborni kuchaytirish, targ‘ibot ishlarini kengaytirish zarur.
“Xo‘jaipok” ma’danli shifobaxsh suvi Oltinsoy tumanining osmono‘par tog‘ bag‘ridan sizib chiqadi. Bu suvdan oqilona foydalanish uchun tuman markazida zamonaviy sanatoriy-sog‘lomlashtirish va dam olish majmuasi bunyod etilgan. Tog‘ qo‘ynidan 26 kilometr masofaga plastik quvur tortilib, shifobaxsh suv tuman markaziga olib kelingan. Zamonaviy sanatoriy dunyoda oltingugurtli suv bilan davolashga ixtisoslashgan beshinchi sihatgoh sanaladi.
Tadbirda “Xo‘jaipok” sanatoriy-sog‘lomlashtirish va dam olish majmuasi rahbari I.Mardayev ishtirokchilarga aholini sog‘lomlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan zamonaviy uslublar, jumladan, dam oluvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va qulayliklar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.
Ko‘p qavatli 200 o‘rinli sanatoriy-sog‘lomlashtirish va dam olish maskanida madaniyat saroyi, 10 mingdan ortiq kitob fondiga ega kutubxona, oshxona mavjud. Turli rangda jilolanadigan favvora qurilgan. 20 dan ortiq fizioterapevtik davolashga moslashtirilgan zamonaviy uskuna, shuningdek, UzI, EKG va laboratoriya jihozlari o‘rnatilgan. Fitobar, yopiq basseyn davolanuvchilar xizmatida. Bu yerda kardiologik, nevrologik, tayanch harakat, ginekologik, stomatologik, urologik va boshqa kasalliklarga davolanish uchun barcha sharoit yaratilgan. Hududdagi muqaddas qadamjolar va so‘lim tog‘ qo‘yniga sayohatlar uyushtirish yo‘lga qo‘yilgan.


Forumda tibbiyot turizm klasteri faoliyatini, maxsus tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmi marshrutlarini kengaytirishda xorij tajribasini chuqur o‘rganish, tibbiyot xodimlarining aholini sog‘lomlashtirishida sanatoriylar bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri