Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi “Yoshlar markazi”da vohadagi yuzdan ortiq kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirkorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish davlat xizmatchilarining muhim vazifalaridan biri ekani qayd etildi.


Viloyatdagi sohaviy tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirok etgan ochiq muloqotda tadbirkorlarning murojaat, taklif va tashabbuslari tinglanib, ular o‘rtaga tashlagan masalalarning yechimini topish yo‘llari izlandi. Aksariyat masalalar joyida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab etadigan murojaatlar tegishli mutasaddilarga biriktirilib, qonun doirasida yechimini topish uchun aniq muddat belgilandi. Ijrosi qat’iy nazoratga olindi.


Uchrashuv yakunida ishtirokchilarga “Xolis” xizmat ilovasining imkoniyatlari va undan foydalanish tartiblariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Unda platforma orqali tadbirkorlar to‘lovlarni qabul qilishi, QR-kod va NFC texnologiyalari orqali tezkor, xavfsiz hisob-kitoblarni amalga oshirishi, elektron hujjatlar bilan ishlashi, mablag‘lar harakatini nazorat qilishi hamda moliyaviy jarayonlarni samarali boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lishi yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA