Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda suyultirilgan gaz to‘ldirish stansiyasi yana bittaga ko‘paydi
16:57 / 2023-02-23

Termiz tumanidagi Bunyodkor mahallasida 25 ming 436 iste’molchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi suyultirilgan gaz to‘ldirish stansiyasi ish boshladi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda energetika tizimini, shu jumladan, gaz sohasini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun energotejamkor, zamonaviy ilg‘or texnologiyalar joriy etilib, gaz ta’minoti faoliyati transformatsiya qilinayotir. Bu borada Surxondaryo viloyatida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilib, iste’molchilarni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash yaxshilanmoqda.  

Joriy yilgacha vohada 7 ta suyultirilgan gaz to‘ldirish inshooti mavjud edi. Endilikda ularning soni yana bittaga ko‘payib, Termiz, Angor tumani va Termiz shahridagi 25 ming 436 iste’molchini suyultirilgan yoqilg‘i bilan ishonchli ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Shu paytgacha viloyatda mavjud gaz to‘ldirish inshootlarining quvvati 7 ming 800 tonnani, gaz saqlash quvvati 1 ming 200 tonnani tashkil etgan bo‘lsa, yangi ishga tushirilgan stansiyada bir kunda 30-35 tonna, bir oyda esa 500-600 tonna yoki 15 ta suyultirilgan gaz ballon to‘ldirish va belgilangan muddatda iste’molchilarga yetkazib berish uchun qulay sharoit yaratildi. 12 kishi ish bilan ta’minlandi.  

– Hozirgacha viloyat markazi va Termiz, Angor tumanlaridagi suyultirilgan gaz iste’molchilari Muzrabot hamda Jarqo‘rg‘on tumanlaridagi gaz to‘ldirish shoxobchalarida to‘ldirilgan gaz ballon bilan ta’minlanib kelinayotgan edi, – deydi gaz to‘ldirish stansiyasi bosh operatori Tolib Saidov. – Endilikda gaz ballonlarni yetkazib berishda vaqt ham, mablag‘ ham tejaladi. Yangi inshootga Qashqadaryo viloyatidagi Sho‘rtan va Muborak gaz korxonasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l orqali gaz yetkazib beriladi.  

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali ma’lumotlariga ko‘ra,  Termiz shahrida 4 ming 925, Termiz tumanida 13 ming 100, Angor tumanida 7 ming 411 suyultirilgan gaz iste’molchisi bor. 2022-2023 yillar kuz va qish mavsumida viloyatdagi gaz iste’molchilariga 38 ming 348 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, amalda 75 ming 155 tonna, joriy yilning yanvar oyida 6 ming 172 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA