Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Timur Ismailov vohadagi kriminogen vaziyat yuzasidan aholiga murojaat yo‘lladi.
Unda Prezidentimizning joriy yilning 27-yanvar kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida yashirin iqtisodiyot, uyushgan jinoyatchilik, narko va kiber jinoyatlarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilayotgani hamda aholini har qanday tahdidlardan kafolatli himoya qilib, hududlarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish yuzasidan amalga oshiriladigan ijtimoiy-profilaktik tadbirlar haqida atroflicha so‘z yuritilgan.
– Viloyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida hududiy profilaktika inspektorlari alohida e’tibor qaratib, huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarga berilgan xulosalar asosida muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda, – deyiladi murojaatda. – Prezidentimiz belgilab bergan tizim asosida ish yuritilgani tufayli yilning ilk oyida viloyatdagi 723 ta mahallaning 95 foizi yoki 696 tasida birorta ham jinoyat sodir etilmadi. “Qizil” mahallalar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 80 foizga kamaydi.
Ko‘ryapsizlar, shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda giyohvandlik xavfi aholi genofondi uchun eng katta tahdidga aylanib bormoqda. Afsuski, bugungi globallashuv davrida bunday xavf-xatar bizni ham chetlab o‘tmayapti. Narkotik savdosi transchegaraviy va virtual xarakterga ega bo‘lib bormoqda. Bu esa jinoyatlarni aniqlashda yangi usullarni qo‘llashni, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashni talab etmoqda. Bunday jinoyatlarga qarshi kurashib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratamiz. Yoshlarimizni giyohvandlik changaliga tashlab qo‘yishga aslo yo‘l qo‘ymaymiz.
Xotin-qizlarning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, farzandlarimizni himoya qilish – qadim-qadimdan erkaklar uchun sha’n va g‘urur masalasi bo‘lib kelgan. Lekin, jamiyatimizda ayollar va bolalarning turli zo‘ravonliklarga uchrayotgani buyuk tarix, yuksak ma’naviyat va ma’rifatga ega bo‘lgan, oilani muqaddas, deb biladigan xalqimizga aslo yarashmaydi. Hech qachon unutmaylik, oilaviy zo‘ravonlik – bu faqat oilaning ichki ishi emas. Bu – butun jamiyatga tegishli masala. Ayolni o‘z muammosi bilan yolg‘iz tashlab qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q!
Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha davlat idoralari va keng jamoatchilikni safarbar etgan holda bunday salbiy holatlarga barham berish bo‘yicha samarali tadbirlarni tashkil etamiz. Shuningdek, hududlarda profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish uchun maktablarda davomatni elektron nazorat qilish maqsadida “Ye-Davomat” elektron platformasi, Oilaviy (maishiy) tazyiq va zo‘ravonlik bo‘yicha o‘z vaqtida ichki ishlar organini xabardor qilish maqsadida “Qo‘shni nazorati” tizimlari Surxondaryo tajribasi sifatida joriy etildi. Axborot texnologiyalari yo‘nalishida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, aholining ayrim toifalariga zamonaviy psixologik yordam ko‘rsatish maqsadida Termiz davlat universiteti bilan memorandum imzolanib, ijroga qaratildi. Bir oyda sodir etilgan jinoyatlarning barchasi “issiq izi”dan fosh etildi. Oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyat turlaridan yengil tan jarohati yetkazish, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishi kamayib, birorta ham nomusga tegish, bosqinchilik jinoyatlari qayd etilmadi.
O‘tgan bir oyda amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari chog‘ida 20 dan ortiq qidiruvdagi shaxs ushlanib, jazo muqarrarligi ta’minlandi. Ikki kilogrammga yaqin giyohvandlik moddasining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi. Kelgusida huquqbuzarlik sodir etishi mumkin bo‘lgan shaxslardan 90 dan ortiq noqonuniy sovuq qurol olinib, 22 tasi bo‘yicha ma’muriy chora ko‘rildi. Tekshiruvlar chog‘ida 9 ta o‘q-otar va pnevmatik qurol olib qo‘yildi. Turli mudhish jinoyatlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni sodir etgani uchun ikki mingdan ortiq shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. 20 ga yaqin spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, 13 nafar giyohvand va 9 nafar ruhiy kasal shaxs davolanish muassasalariga jo‘natildi. Belgilangan tizim asosida ishlashga o‘tish natijasida har ikkinchi jinoyat xodimlarning tashabbusi bilan aniqlandi.
Murojaatda, shuningdek, kiberjinoyatlarga qarshi kurash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratilgan. Aholini osuda, obod va farovon hayot uchun hamisha e’tiborli, hushyor bo‘lishga da’vat etilgan. Xonadoni va uy hayvonlari, boshqa ko‘rinishdagi mol-mulklarini qarovsiz, ochiq qoldirmaslik, shubhali shaxslarning nayranglariga uchmaslik so‘ralgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri