Tibbiyot xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan Termiz shahridagi “Olmos” to‘yxonasida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda keyingi yillarda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilayotgani alohida ta’kidlandi. Yurtimizning olis va chekka hududlarida ham yuqori malakali tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga e’tibor kuchaytirilayotgani qayd etildi. Bu jarayonda Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash sohasi katta o‘zgarish va yangilanishlarga yuz tutdi. Xususan, so‘nggi uch yilda vohada 50 dan ziyod oilaviy shifokorlik punkti, oilaviy poliklinika hamda 237 ta olis va chekka hududda “Mahalla tibbiyot punkt”lari tashkil etilib, 100 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga zamonaviy tibbiy asbob-uskuna bilan jihozlandi. Bunday ulug‘vor ish hududlarda yana 350 mingdan ortiq aholini qo‘shimcha birlamchi tibbiy xizmat bilan qamrab olishga qulay muhit yaratdi. Oilaviy poliklinikalarda 1 ming 600 dan ortiq kunduzgi davolash o‘rinlari tashkil etilib, 94 mingga yaqin kishi shifoxonaga bormasdan, bevosita o‘zi istiqomat qilayotgan mahallada muolaja olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Viloyatda aholining ehtiyojmand qatlamiga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishni “mahallabay” tashkil etishda “Surxondaryo tajribasi” va aholining salomatlik ko‘rsatgichlarini baholashda “Angor tajribasi” yaratildi. Eng malakali shifokorlar ishtirokida bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazib, aholi salomatligini mustahkamlash, kasallik aniqlangan bemorlarni ambulator va statsionar davolash an’anaga aylandi. Joriy yilda ham viloyat hududlarida o‘tkazilgan salomatlik aksiyalari doirasida 10 ming kishi ambulator va 3,5 ming bemor statsionar sharoitda sog‘lomlashtirildi.

Tantanali tadbirda Prezidentimizning “Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan surxondaryolik shifokorlarga orden va medal hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, bir guruh eng fidoyi tibbiyot xodimlari viloyat hokimligining faxriy yorliq va sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Salomatligimiz posbonlarining bayram tadbiri poytaxtdan kelgan va viloyatning xushovoz san’atkorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bilan yakunlandi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri