French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda senator bilan ochiq muloqotlar boshlandi
17:28 / 2022-07-13

Termiz shahridagi “Yuksalish” umummilliy harakati Surxondaryo viloyati bo‘linmasida Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazdi.

Shuningdek, Oliy Majlis Senati yigirma sakkizinchi yalpi majlisida ko‘rilgan masalalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi. 

Oliy Majlis Senatiga viloyatdan saylangan senatorlar, mahalliy kengashlar deputatlari, siyosiy partiyalarning rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirni videokonferens aloqa shaklida Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, kotibiyati mudirlari, mutaxassislari, siyosiy partiyalarning tuman, shahar kengashlari raislari kuzatib bordi. 

Unda Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi O. Iminov konstitutsiyaviy islohotlarning huquqiy asoslari, tashkiliy-amaliy tadbirlar, takliflarni qabul qilish va ko‘rib chiqish jarayonlari, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining ishlab chiqilishi va umumxalq muhokamasiga qo‘yilishi haqida atroflicha so‘z yuritdi. 

– Yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makon yaratish zaruratining yuzaga kelgani jamiyatimizda sodir bo‘layotgan yangilanishlarga bevosita bog‘liq jarayon, – dedi Odiljon Iminov. – Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi muhim vazifalar o‘rin olgan. 

Hayotimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarga mos amaldagi Konstitutsiyamizga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish xalqimizning huquq va erkinliklarini, iqtisodiyot tarmoqlari, sud-huquq, ijtimoiy va boshqa sohalardagi yangilanishlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Xalqimiz muallifligida ishlab chiqilgan loyihada Asosiy qonunimizga 200 dan ortiq o‘zgartish kiritish nazarda tutilmoqda. 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilishi kutilmoqda. 

Qiziqarli mulohazalarga boy bo‘lgan muloqotda Bosh qomusimizga insonning huquq va erkinliklari, mahalla instituti, oila, mehnat munosabatlari, sud-huquq sohasi, tadbirkorlik va yerga oid masalalar, ta’lim, tibbiyot, ekologiya va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda taklif etilayotgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalar xususida fikr yuritildi. Taklif va tavsiyalar bildirildi.  

– Qonun loyihasining umumxalq muhokamasida Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlari faol qatnashmoqda, – deydi Xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Saydulla Abduraimov. – Ular mahallalarda bo‘lib, saylovchilar bilan uchrashmoqda. Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati va kelgusi hayotimizda tutadigan o‘rnini tushuntirmoqda. Faol fuqarolar bildirayotgan takliflar Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etib borilmoqda. Mazkur tadbir ularni muhim siyosiy jarayonda yanada faol qatnashishga undagani bilan ahamiyatli bo‘ldi. 

Tadbirda Odiljon Iminov Oliy Majlis Senati yigirma sakkizinchi yalpi majlisida ko‘rilgan masalalarga ham e’tibor qaratdi. Yalpi majlisda 13 ta masala muhokama etildi. To‘rtta qonun ma’qullandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining  2021 yil yakunlari hamda 2022 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi. Qator masalalar yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovlari natijasi ko‘rib chiqildi.  

Davra suhbatida “Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risida”gi, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “Soliq va bojxona qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari haqida ma’lumot berildi. Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi O.Iminov hafta davomida viloyatda aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularga Oliy Majlis Senati yigirma sakkizinchi yalpi majlisida ko‘rilgan masalalar mazmun-mohiyatini keng tushuntiradi. Umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan konstitutsiyaviy qonun loyihasi haqida fikr almashib, odamlarning taklif va mulohazalarini tinglaydi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA