O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Surxondaryo viloyati kengashi faollari va yosh a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi yuzasidan targ‘ibot tashviqot tadbirlarini olib bormoqda.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari, bozorlar va boshqa aholi gavjum joylar, tadbirkorlik sub’ektlari, korxona va tashkilotlarda tashkil etilayotgan tadbirlarda saylovchilarga buklet, flayer kabi targ‘ibot materiallari tarqatilib, nomzodning saylovoldi dasturida belgilangan maqsadlar haqida atroflicha ma’lumot berilmoqda.



– Mamlakatimiz hayotidagi o‘ta muhim siyosiy voqea – muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi so‘nggi yillardagi demokratik o‘zgarishlar va tub islohotlar natijasida yurtimizda yuzaga kelgan mutlaqo yangi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy muhitda bo‘lib o‘tmoqda, – deydi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Surxondaryo viloyati kengashi raisi A.Ro‘ziyev. – Bu jarayonda targ‘ibot tashviqot tadbirlari sifatiga ko‘p narsa bog‘liq. Shunga muvofiq biz nomzodning saylovoldi dasturi o‘z ifodasini topgan beshta maqsadni saylovchilar o‘rtasida chuqur targ‘ib qilishga intilyapmiz. Undagi har bir vazifa odamlarni hayotdan rozi qilish, ularning uzoq kelajakda yoki ertaga emas, balki aynan bugun yaxshi yashashini ta’minlash, “Davlat — inson uchun”, “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori”, “Avval inson, keyin jamiyat va davlat” degan mutlaqo yangi tizimni hayotga tatbiq etishdek ulug‘vor maqsadlar mujassamligini tushuntiryapmiz. Mazkur dastur shubhasiz, bugundan qurilayotgan kelajagimiz, barpo etiladigan ertangi kunimiz qiyofasini aniqlab berishi to‘g‘risida fikr almashyapmiz.
Hududlarda bo‘lib o‘tayotgan targ‘ibot tadbirlarida partiya faollari, nuroniylar, yoshlar va turli soha vakillari nomzod dasturida belgilangan vazifalarni alohida e’tirof etib, 9 iyulda bo‘lib o‘tadigan saylovda barchani faol ishtirok etishga chaqirmoqda.




Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri