Ijtimoiy tarmoqlarda 2023 yil 24 yanvar kuni Surxondaryo viloyatidagi “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i hududida onasidan ajralib qolgan 6-7 oylik noyob qo‘ng‘ir ayiq bolasi topib olingani haqida xabar tarqalgan edi.
Viloyat ekologiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi, “Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligi va “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i xodimlari tog‘larda olib borgan nazorat tadbirlari chog‘ida oppoq qor qo‘ynida duch kelgan ayiq bolasi qishning izg‘irinli kunlarida ozuqa topishda qiyinchilikka duch kelishi va nobud bo‘lishi e’tiborga olinib, u malakali mutaxassislar qarovida saqlashga olingan edi.

Qishli-qirovli kunlarda topib olingan ayiq bolasining kelgusi taqdiri va u qayerda saqlanayotgani haqida viloyat ekologiya, atrof-muhit muhofazasi hamda iqlim o‘zgarishi boshqarmasi axborot xizmati quyidagi ma’lumotni taqdim etdi.

O‘shanda ayiq bolasi maxsus transport vositasida Toshkent hayvonot bog‘iga yetkazilib, unga Zinka nomi berilgan. Hayvonot bog‘i reabilitatsiya markazining malakali veterinar vrachlari uni mehr bilan parvarishlab, zarur profilaktika tadbirlarini olib borgan.

Ayni paytda sog‘lom va quvnoq hayot kechirayotgan Zinka hayvonot bog‘i xodimlari bilan do‘stlashib olgan. Bu yerga keluvchi tomoshabinlar, ayniqsa, bolajonlar katta qiziqish bilan kuzatadigan jonivorlardan biriga aylangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Zinka Yangi yilda uch yoshga to‘lib, balog‘atga yetish arafasida turibdi.
Bundan uch yilcha avval qishning izg‘irinli kunlarida topib olingan ayiq bolasiga nazar tashlasangiz, u oppoq qorga burkangan olis tog‘ bag‘rida hayotini saqlab qolgan va keyinchalik unga g‘amxo‘rlik qilgan barcha tabiat jonkuyarlariga minnatdorlik bildirayotgandek taassurot uyg‘otadi.

Mutaxassislarning aytishicha, qo‘ng‘ir ayiq oktyabr-noyabr oylaridan boshlab, mart-aprel oyigacha daraxtlar va toshlarning ostidagi kovaklarda, tabiiy chuqur joylar, o‘zi qazigan iniga tushib qishki uyquga ketadi. Urg‘ochi qo‘ng‘ir ayiq uyada to‘rttagacha bolalashi mumkin. Қўнғир ayiqlar O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Uni ovlash taqiqlangan.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri