Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda qayta tiklangan yirik kanal foydalanishga topshirildi
16:39 / 2024-12-30

Oltinsoy tumanida “Hazarbog‘-Oqqapchig‘ay” kanalining to‘liq qayta tiklanib, foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev ishtirokchilarni Yangi yil bilan tabriklab, o‘tayotgan yilda suv xo‘jaligi tizimida yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 7 apreldagi qarori asosida amalga oshirilgan Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi “Surxondaryo viloyatida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash (“Hazarbog‘-Oqqapchig‘ay” kanallar tizimini qayta tiklash)” loyihasidoirasida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari ham vohaning obi-hayotga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashda yuksak samaralar berishini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan global iqlim o‘zgarishi natijasida kuzatilayotgan suv tanqisligining oldini olishga alohida e’tibor qaratilayotgani irrigatsiya tarmoqlarini rivojlantirib, suv resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qilmoqda. Shu maqsadda Surxondaryo viloyatida xorij investitsiyasi jalb etilib, qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan unumli foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish choralari ko‘rilmoqda.

Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi qiymati 121,7 million dollarlik mazkur loyihaning to‘liq yakunlangani viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda yangi imkoniyat yaratib, vohaning iqtisodiy salohiyatini yanada oshiradi. Buning uchun yirik loyiha doirasida 8 ob’ektda 5,6 million kub-metr tuproq va 480 ming kub-metrga yaqin beton ishlari bajarildi. 156 kilometr uzunlikdagi kanal va ulardagi 538 dona gidrotexnik inshoot qayta rekonstruksiya qilindi.

Amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari agrar viloyatdagi 103,4 ming gektar sug‘oriladigan maydonning suv ta’minotini yaxshilaydi. Sherobod tumanidagi 38,5 ming gektar sug‘oriladigan yer maydoni o‘zi oqar suv bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. Shu paytgacha Bandixon tumanidagi R-1 va R-2 kanallarining bosh qismigacha bo‘lgan 92 kilometr masofaga yirik miqdordagi suvni isrof qilish hisobiga olib kelingan bo‘lsa, endilikda 16-18 soatda yetarli darajadagi obi-hayot qiyinchiliklarsiz hamda isrof qilinmasdan yetkazib beriladi. Shuningdek, R-2 kanalining betonlashgani suv o‘tkazish qobiliyatini oshirib, hududdagi adirliklarda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash hisobiga qo‘shimcha 1,5 ming gektar yangi yerni o‘zlashtiradi. Kanallarning foydali ish koeffitsiyenti 0,72 dan 0,92 ga oshirilgani har yili 294,1 million kub-metr obi-hayotni tejash barobarida uni ishonchli va xavfsiz ekspluatatsiya qilish imkoniyatini ham yaratadi. Vohadagi 231,7 ming kishining qishloq xo‘jaligida bandligi ta’minlanadi. Suvchilarga to‘rtta ekskavator, o‘nta yuk tashuvchi motoroller, to‘rtta avtomobil, oltita traktor va to‘rtta tirkama berilgani “Amu-Surxon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining moddiy-texnik salohiyatini yanada oshiradi.

Tadbirda so‘zga chiqqan nuroniylar o‘tgan asrning 80 yillaridan voha qishloq xo‘jaligi suv tanqisligidan aziyat chekkani, Bandixon tumani hududiga kanal suvi 4-5 kunda ham yetib bormay qolgani haqida fikr yuritib, Yangi yildan tuman dalalariga obi-hayotning bir kunga qolmay yetkazib berilishi mahsulot yetishtirish sifati va hajmini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Suv taqchilligini yumshatishga qaratilayotgan yuksak e’tibor uchun davlatimizga chuqur minnatdorlik bildirdi. Loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishda ishtirok etgan Islom taraqqiyot banki, Turkiyaning “Su-Yapi”, Eronning “Ariana Tunnel Dam Ko” kompaniyalari, Namanganning “Turon Mega Stroy”, Samarqandning “2-son MKK”, Surxondaryoning “Tupalang HPD Platinum”, “Fahriddin” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari muhandis va quruvchilarining ko‘p yillik mashaqqatli mehnatlari alohida e’tirof etildi. 

Tantanali marosim ishtirokchilari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Oltinsoy tumanidagi “Xo‘jaipok” sanatoriysi hududiga turli daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri