Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda qancha mevali va manzarali daraxt bor?
17:10 / 2020-04-09

Surxondaryoga kelgan inson borki, vohaning bioxilmaxilligini koʻrib, ona tabiatning betimsol kuch-qudrati va yaratuvchanligiga lol qoladi.


Surxondaryoga kelgan inson borki, vohaning bioxilmaxilligini koʻrib, ona tabiatning betimsol kuch-qudrati va yaratuvchanligiga lol qoladi. Ana shunday maftunkor vohada yashil boyliklarni yana-da koʻpaytirish, oʻsimliklar dunyosini boyitish maqsadida har yili millionlab daraxt koʻchatlari ekiladi. Biroq, ularning unuvchan va oʻsuvchanlik holati, shuningdek, viloyatda qancha tup manzarali, qancha mevali daraxt mavjudligi va har yili qanchasi nobud boʻlib ketayotgani mavhumligicha qolayotgan edi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda tabiat boyliklarini avaylab-asrab, ulardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilayotgan yangicha yondashuvlar bu masalaga ham yechim topdi. Shunga asosan viloyatda joriy yildan boshlab, mevali va manzarali daraxtlarni hisobga olish tizimi joriy etildi. Bu jarayonda roʻyxatga olingan dov-daraxtlarga maxsus kodli raqam ilinib, elektron bazaga kiritilayotir.

–Vohada koʻchat ekish ajoyib anʼanaga aylangan, – deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Bahodir Oʻrinov. – Birgina shu yilning oʻzida 10 millionga yaqin manzarali va mevali daraxt koʻchati oʻtqazilib, sakkiz milliondan ortiq qalamcha qadaldi. Lekin, hozirgacha ularning hisob-kitobi yuritilib, hech kim nazorat qilmagan. Viloyatda qancha mevali, qancha manzarali daraxt borligini yoki yangi ekilgan koʻchatlardan qanchasi unmay qurib qolganini ham hech kim bilmas edi. Endilikda har bir daraxtning hisobini yuritish imkoniyati yaratildi.

Ayni paytda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha tuman, shahar inspeksiyalari xodimlari joylardagi mavjud daraxtlarni xatlovga olib, ularning aniq reyestrini tuzmoqda. Daraxtlarning nomi, soni va ularga biriktirilgan masʼul shaxslar haqidagi maʼlumotlarni oʻrnatayotir. Jumladan, yashil boylik qoʻriqchilari Termiz Hayvonot bogʻi hududida parvarishlanayotgan 1 ming 893 dona turli mevali va manzarali daraxtlarni xatlovga oldi. Oltinsoy tumanida ikki mingdan ortiq, Qiziriq tumanida mingga yaqin daraxt roʻyxatga kiritildi.

Olingan maʼlumotlarga koʻra, shu kungacha viloyatda 408 ming 177 dona mevali va manzarali daraxtlar xatlovga olinib, ularning 317 ming 707 tasi elektron bazaga kiritildi. Mutaxassislarning fikricha, bundan buyon elektron bazaga kiritilgan har bir daraxtning oʻsuvchan va unuvchanligi monitoring qilib boriladi. Bu tartib odamlarda mavjud daraxtlar davlat nazoratida ekanini his etib, beruxsat kesilishi, qurib qolishi va boshqa holatlarning oldini oladi. Yashil dunyo parvarishi va aholi oʻrtasida ekologik madaniyatni yuksaltirishga masʼuliyatni yana-da oshiradi.