Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda qancha ko‘chmas mulk davlat ro‘yxatiga olindi?
13:49 / 2023-01-09

Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi o‘tgan yilda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 60 ming 115 ta buyurtma qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 dekabrdagi “Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ularning 40 ming 324 tasi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, 910 tasini davlat xizmati markazlari bekor qildi. 15 ming 616 tasi rad etildi. Qolganlarida to‘lov va hujjatlashtirish ishlari davom etmoqda.  

– Buyurtmalar tahlil qilinganida ularning 7 ming 394 tasi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bino-inshootlar ekani ma’lum bo‘ldi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i S.Shoymardonov. – 7 ming 363 tasi ko‘p qavatli uylarda joylashgan kvartiralar, 27 ming 91 tasi yakka tartibdagi uy-joylar, 15 ming 848 tasi jismoniy shaxslarga, shuningdek, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun berilgan yer uchastkalari ekani oydinlashdi.  

Prezidentimizning 2020 yil 7 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish palataning tuman, shahar filiallaridan viloyat boshqarmasi vakolatiga o‘tkazilgan. Ayni paytda vohada qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini hisobga qo‘yish va unga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish va kadastr-integratsiyalashtirilgan UzCAD axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda.  

Viloyatda tuzilgan Milliy yer hisobotiga ko‘ra, vohada 2 million 9 ming 991 gektar yer mavjud bo‘lib, uning 1 million 356 ming 179 gektari qishloq xo‘jaligi yerlari, 11 ming 328 gektari aholi punkti, 110 ming 145 gektari sanoat, transport, mudofaa va aloqa yerlaridir. Tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar 194 gektarni, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar 517 gektarni, o‘rmon fondi yerlari 325 ming 165, suv fondi yerlari 24  ming 20 va zaxira yerlar 182 ming 364 gektarni tashkil etadi.  

Viloyatda qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish va kadastr integratsiyalashtirilgan axborot tizimiga kiritish davom etmoqda.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA