English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda qabriston va ziyoratgohlarni obodonlashtirish boshlandi
18:32 / 2023-03-01

Surxondaryoda bahor Vatanimizning boshqa go‘shalariga qaraganda erta keladi. Bahor darakchisi –boychechak ham qor ostidan erta bo‘y ko‘rsatib, qir-adirlarga ko‘klam o‘z sepini yoza boshlaydi. Bahorning mayin nafasi tabiatni iliq tafti bilan ohista silab, bodom, o‘rik kabi mevali daraxtlarni gulga burkaydi.

Shu bois mamlakatimizning janubdagi vohasida ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish yumushlari, doshqozonlarda sumalak qaynatish boshqa hududlarga nisbatan barvaqt boshlanadi.  

Joriy yilda ham surxondaryoliklar bahoroldi hozirlik ishlariga allaqachon kirishib, yerlarni turli ziroat ekishga tayyorladi. Ko‘chat o‘tqazib, bog‘ yaratish va boshoqli don ekinlari parvarishi qizg‘in pallaga kirdi. Qabriston va ziyoratgohlarni tartibga keltirib, obodonlashtirishga e’tibor kuchaytirildi.  

Viloyatda 650 dan ortiq qabriston mavjud. Bahorning iliq kelganidan unumli foydalanayotgan Surxon ahli barcha qabriston va muqaddas ziyoratgohlarni tez kunlarda tartibga keltirib, Navro‘zga peshvoz chiqishni mo‘ljallamoqda.  

Bahorning ilk kunida viloyatda muqaddas ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirishga bag‘ishlangan hududiy seminarlar tashkil etilgani ham bunga yaqqol dalildir.  

Bugun Denov tumanidagi Shayx Muhammad Olavuddin Attor Valiy ziyoratgohida tashkil etilgan seminarda hududga yaqin tumanlar mutasaddilari, din ishlari vakillari, qabriston va ziyoratgohlarni obodonlashtirishga mas’ul tashkilotlar rahbarlari, nuroniylar ishtirok etdi.

Seminarda tozalik va saronjam-sarishtalik, muqaddas qadamjolarni obod saqlash, tevarak-atrofni obodonlashtirib, fasli bahorga peshvoz chiqish ham millatimizga xos yuksak qadriyat ekani alohida ta’kidlandi. Qabristonlarni obod etishning fazilatlari, fayzu-barokati haqida fikr yuritildi.  

Mutaxassislar ziyoratgoh va qabristonlar atrofini tartibga keltirish, obodonlashtirish, qabrlarning joylashuvi, ruyxatga olish, raqamlash, qabr toshlari va boshqa belgilar o‘rnatishda tegishli tartiblarga qatiy amal qilish yuzasidan tavsiyalar bildirdi. Ishtirokchilar Olavuddin Attor hoki mangu qo‘nim topgan muqaddas ziyoratgoh va qabristonda amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Xuddi shunday hududiy seminarlar Termiz shahridagi Sulton Saodat, Sherobod tumanidagi Iso Termiziy majmualariga tutash qabristonlarda ham bo‘lib o‘tdi.  

Denov tumanidagi Shayx Muhammad Olavuddin Attor Valiy ziyoratgohi hududidagi qabristonda o‘tkazilgan seminarda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi U.Qosimov ishtirok etdi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri