Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda Prezident topshiriqlari ijrosi ta’minlanmoqda
15:39 / 2025-09-15

Qadimiy va bugungi kunda tobora yasharayotgan Surxondaryoda Prezident topshiriqlari ijrosi doirasida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, faoliyati to‘xtab qolgan korxonalarni qayta ishga tushirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyat hokimining matbuot kotibi Murodbek Davlatovning qayd etishicha, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov mazkur vazifalar doirasida Sherobod tumanidagi ikki korxona faoliyati bilan tanishdi. U banklar tomonidan  bu kabi tashkilotlarni sog‘lomlashtirish, ishlab chiqarishni  yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini o‘rgandi.

Xususan, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB mutasaddilari  “Uzagro xizmat shindong” MCHJning yog‘-moy ishlab chiqarish korxonasi hamda “Xalq banki” ATB mas’ullari esa “Jo‘rayev Fruits” MCHJning issiqxonachilik kompleksi  faoliyatini tiklash va qo‘llab-quvvatlash yuzasidan axborot berdi. Shu bilan birga, ayrim muammolarni ham ko‘rsatib o‘tdi.

Ana shu axborotlarda ta’kidlanishicha, “Jo‘rayev Fruits” MCHJ tomonidan tashkil etilgan meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan issiqxona Sherobod tumanidagi “Nurtepa” mahallasida joylashgan. Abduhamid Jo‘rayev yetakchiligidagi loyiha Akmal Yusupov rahbarligidagi “Xalq banki”ning Sherobod filiali  ko‘magida amalga oshirilgan.

Issiqxonaning umumiy maydoni 24,5 gektardan iborat. 250 tonna quvvatga ega bo‘lgan bu loyihaning qiymati 41 milliard so‘mni tashkil etadi. Shundan 9,4 milliard so‘mi o‘z mablag‘i, 31,6 milliard so‘mi esa bank krediti hisobidan moliyalashtirilgan. Korxonaga uskuna va jihozlar Xitoy davlatidan olib kelinib, o‘rnatilgan. 2021 yilda ishga tushgan bu issiqxonada o‘nta ish o‘rni yaratilgan. Hozirgi kunda 10 gektar yerdagi issiqxona ichida  rukolla va mangold ekilgan. Shu oydan boshlab 4 gektar yer maydoniga gulkaram, 6 gektar yerga ko‘kat ekish rejalashtirildi. Ammo muammo shundan iboratki, bankdan 25,9 milliard so‘m qarzdorlik mavjud. Kredit ta’minotiga qo‘yilgan barcha garovlar xatlanib, Majburiy ijro byurosi tomonidan auksionga qo‘yish ishlari olib borilayotir. Natijada kredit qarzdorligi qoplanadi.

Viloyat hokimi ikkinchi korxonadagi muammolarni ham o‘rgandi. Tumandagi “Majnuntol” mahallasida joylashgan “Agro xizmat shindong” MCHJda paxta yog‘i ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha rahbari To‘lqin Xudoynazarov, unga Suhrob Abdurahmonov rahbarlik qilayotgan “O‘zsanoatqurilishbank”ning viloyat filiali  biriktirilgan. Loyiha qiymati 15 milliard so‘mni tashkil etadi. Uskuna hamda barcha jihozlar Xitoydan olib kelinib, korxonada  2007 yilda  ish boshlangan. 150 nafar ish o‘rni yaratildi. Yiliga 89 ming tonna yog‘ ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bu  tashkilotning yillik ishlab chiqarish hajmi 12 milliard so‘mni tashkil etadi. Ammo ayni paytdagi muammo shundan iboratki, xom-ashyo va aylanma mablag‘ning yo‘qligi, ishlab chiqarish jarayonida foydalanish maqsadida  bug‘ qozonida ishlatish uchun toza suv yetishmasligi sababli ish to‘xtab qolgan. Bundan tashqari korxonani kuz-qish mavsumida elektr energiyasi bilan ta’minlash muammosi ham bor.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovning sa’yi-harakati bilan   ishlab chiqarish hajmini oshirish, yuqoridagi korxonalar  faoliyatini barqarorlashtirish orqali qisqa vaqt ichida yangi ish o‘rinlari yaratish vazifalari belgilab olindi.

Quvonarli tomoni shundaki, Surxondaryoda bunday ijobiy ishlar ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Eng muhimi, Prezident topshiriqlari ijrosi ko‘pchilik sohalarda  izchil ta’minlanayotir.

Jovli Xushboqov,

O‘zA muxbiri.