Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda piyoda yoki velosipedda yurish targ‘ib qilindi
18:37 / 2021-09-22

Bugun, 22 sentyabr – Xalqaro avtomobilsiz kun munosabat bilan e’lon qilingan aksiyada surxondaryolik turli soha vakillari ham faol ishtirok etdi.

Surxondaryo viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi xodimlari ishga piyoda va vilosipedda keldi. Aksiyaning mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida targ‘ib qildi.

– Piyoda yurish salomatlik uchun koni - foyda, – deydi bosh boshqarma yetakchi mutaxassisi Temur. – Shu bois ko‘pincha erta tongda chiqib, ishga piyoda kelishni odat qilganman. Kechki payt ham piyoda uyga yetib olaman. Xalqaro avtomobilsiz kunda e’lon qilingan aksiyada bir guruh hamkasblarim bilan ishtirok etdim. Ertalabki salqinda yaqinlaring bilan piyoda yurishning o‘z gashti bor ekan. Qarang, qiziqarli gurung bilan bo‘lib, ishxonaga yetib kelganimizni sezmay qolibmiz. Yo‘l-yo‘lakay ularga piyoda yurishning sog‘lik uchun foydalari haqida ham bilganimni so‘zlab berdim. Endi shaharning beshinchi kichik dahasida yashaydigan hamkasblarim ishga imkon darajasida men bilan piyoda kelib ketishga ahd qildi.

Janubi g‘arbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qo‘mondonligi tasarrufidagi barcha harbiy qism va muassasalarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar ham bugun o‘z xizmat joylariga velosipedda va piyoda keldi.  

– Biz, harbiylar jismoniy tarbiya va sport bilan uzluksish shug‘ullanamiz. Lekin, ertalab piyoda yurishning gashti boshqacha-da, – deydi III darajali serjant Akbar Ahmedov. – Sog‘lom, tetik bo‘lasiz. Tanish-bilishlarni uchratib, kayfiyatingiz yanada ko‘tariladi. Biroq, ko‘pchiligimiz ertaroq ko‘chaga chiqib, piyoda yoki velosipedda yurishga qunt qilavermaymiz. Bugun ertalabki salqinda transportsiz yurishning foydalarini biz yanada chuqur his etdik.  

Shuningdek, Termiz shahar hokimligi, ta’lim va tibbiyot muassasalari xodimlari ham aksiyada faol ishtirok etdi. Faol yoshlar viloyat markazi ko‘chalari bo‘ylab velosipedda avtomobilsiz yurishni targ‘ib qildi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA