Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda parasport rivojlanish bosqichida
15:59 / 2024-04-16

Termizda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi viloyat hududiy bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida paralimpiya musobaqasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etgan tadbirda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Z.To‘rayev va boshqalar mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va nogironligi bor yurtdoshlarimizga ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida atroflicha so‘z yuritdi. Nogironligi bo‘lgan insonlarning salomatligini tiklashi, sport bilan shug‘ullanishi uchun katta imkoniyatlar yaratilayotgani to‘g‘risida fikr almashildi.

–Prezidentimiz raisligida joriy yilning 20-fevralida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida nogironligi bor shaxslarni mahalladan boshlab ommaviy sportga jalb etish va “Besh tashabbus” doirasida sport musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi, –deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muhiddin Tog‘ayev. –Shunga muvofiq viloyatda zarur chora-tadbirlarni belgilab, nogironligi bo‘lgan shaxslarni mahalladan boshlab ommaviy sportga jalb etish, ularni jismoniy sog‘lomlashtirish bo‘yicha muayyan ishlarni amalga oshirayapmiz. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni parasportning o‘zlari qiziqqan turlariga jalb etishni maqsad qilib olganmiz.

Matbuot anjumanida qayd etildiki, hozirgacha tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyalari xulosasiga ko‘ra, viloyatda 8 ming 298 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga parasport bilan shug‘ullanish uchun yo‘llanma berilib, ularning 326 nafari parasportga jalb etilgan.  

–Ayni paytda viloyatda paralimpiya yo‘nalishi bo‘yicha 12 ta sport turi shakllantirilib, 716 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan yosh sportchi o‘zlari qiziqqan parasport turlari bilan shug‘ullanmoqda,¬–deydi O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i Abduolim Usmonov. –Ular viloyat va mamlakat miqyosida o‘tkazilayotgan bellashuvlarda ham faol ishtirok etayotir. 16 nafar parasportchi beshta parasport turidan jahon musobaqalarida qatnashib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Endilikda biz parasport bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan barcha vohadoshlarimizni sportga qamrab olib, paralimpiya yo‘nalishi bo‘yicha sport turlarini 15 taga yetkazmoqchimiz.  

Anjumanda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus paralimpiyadasi” ommaviy sport musobaqalariga viloyatda ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari va uning quyi bosqichlarini o‘tkazish tartiblari to‘g‘risida atroflicha fikr almashildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri