Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda o‘zini o‘zi ish bilan band qilganlar soni 50 ming nafardan oshadi
17:46 / 2020-11-27

Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasida Prezidentimizning joriy yil 8 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Respublika, viloyat ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etgan tadbirda so‘nggi yillarda aholi ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni har taraflama ijtimoiy himoya qilib, bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Pandemiya sharoitida qabul qilingan ushbu qaror bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirdi. Mazkur qarorga muvofiq joriy yil 1 iyuldan boshlab yurtimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha faoliyat turlarining 67 tagacha kengaytirilishi asosida ro‘yxatga olish tartibi joriy etildi.

Ayni paytda viloyatda o‘zini o‘zi band qilgan 34 ming kishi xizmatlar ko‘rsatishda mustaqil faoliyat yuritib, daromad olmoqda. Ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmagan va yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmagan holda mehnat qilayotir. Bu yangilikning yana bir ahamiyatli jihati belgilangan tartibga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun fuqarolar“ Soliq” mobil ilovasidan foydalangan holda yoki shaxsiy kabineti orqali masofadan turib, bepul amalga oshirmoqda.

Matbuot anjumanida “Soliq” mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tish tartibi va ushbu jarayonda yuz berishi kutilayotgan yangiliklar hususida ham atroflicha ma’lumot berildi. Jumladan, fuqarolar o‘zini o‘zi band qilish uchun mobil ilova orqali bepul shaxsiy identifikatsion raqamini yoki elektron raqamli imzo va shaxsiy telefon raqamini kiritishi kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng o‘z faoliyat turini yoki bir yo‘la bir nechta faoliyat turini tanlashi mumkin. Shuningdek, faoliyat yuritadigan viloyat va tuman ham ko‘rsatib qo‘yiladi.

Ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq to‘lovchilarning yagona reyestriga kiritilib, foydalanuvchiga ro‘yxatga olinganini tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR kod) yuboriladi. QR kodli ma’lumotnomani xohishga ko‘ra chop ettirish mumkin.

–Yaqin kunlarda yangi funksiya ishga tushirilishi kutilmoqda,– dedi viloyat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bekzod Tangriqulov.– Bunda ro‘yxatdan o‘tishda selfi qilib (o‘zini suratga olib), uni mobil ilova orqali yuborish talab etiladi. Bu soliq organlarida saqlanadigan shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish uchun zarur. Fotosurat davlat personallashtirish markazining biometrik ma’lumotlari bilan taqqoslangach, mos kelgan taqdirda, murojaatchining shaxsi tasdiqlangan, deb hisoblanadi.

O‘zini o‘zi band qiladiganlar rasman ro‘yxatdan o‘tgach, qonuniy ishlashi, mijozlardan qabul qilingan barcha buyurtmalarni rasmiylashtirishi va saqlashi mumkin. Ma’lumotlar bazasida har bir buyurtma uchun ishlarning soni va qiymati, shuningdek, mijozning telefon raqami to‘g‘risidagi ma’lumotlar saqlanadi. Buyurtma asosida chek shakllantirib, uni mijozga yubora oladi.

Mutaxassislarning fikricha, o‘zini o‘zi band etganlar har oy yakuni bo‘yicha buyurtma asosida olingan daromadlari va xarajatlari hisobini yuritib, ijtimoiy solig‘ini hisoblashi mumkin. Istalgan vaqt oralig‘i uchun daromadlar va xarajatlar haqidagi to‘liq ma’lumotlar birgina tugmani bosish orqali shakllantiriladi. Mazkur qarorga asosan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida ya’ni, 111 ming 500 so‘m to‘laydi. Ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Soliqlarni to‘lash masofadan turib, mobil ilova yoki har qanday elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Sodda qilib aytganda, bu jismoniy shaxslarning soliq to‘lashiga o‘xshash jarayon bo‘lib, o‘zini o‘zi band etganlar ham soliq majburiyatlarini soliq organlariga bormasdan bajarish imkoniyatiga ega. Yakka tartibdagi tadbirkorlardan farqli ravishda yiliga bir marta ijtimoiy soliq to‘laydi.

Viloyatda faoliyat turlari bo‘yicha tikuvchilik yo‘nalishida o‘zini o‘zi band qilganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Ularning 565 nafari Termiz shahri va 750 nafari Denov tumanida faoliyat yuritayotir. Yil yakunigacha vohada o‘zini o‘zi band qilganlar 50 mingdan oshishi kutilmoqda.

Anjumanda aholi bandligini ta’minlab, tadbirkorlikni rivojlantirishning yangi turini hududlarda keng targ‘ib qilish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Jurnalistlarning savollariga javob berildi.

 

X.MAMATRAYIMOV, J.QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA