Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimov tavalludining 75 yilligi keng nishonlanmoqda.
Termiz shahridagi “San’at saroyi”da bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, viloyat ijodkorlari, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Saidov va boshqalar ardoqli shoirni muborak 75 yoshi bilan samimiy tabriklab, Usmon Azim shoir, dramaturg, kinodramaturg, tarjimon va nosir sifatida keng jamoatchilik qalbidan chuqur joy olganini ta’kidladi. Uning to‘plamlariga kirgan she’r va dostonlar go‘zal his-tuyg‘ularga boyligi, jozibador, shiddatkor, jo‘shqin va da’vatkorligi bilan o‘quvchilarga manzur bo‘layotgani, bir qarasangiz beg‘ubor, ba’zida g‘amgin erkalaydigan ohanglari kitobxon qalbida beixtiyor his-hayajon tuyg‘ularini uyg‘otishi haqida fikr yuritdi. Shoir ijodida юртимиз go‘zalligi, xalqimiz ruhi va milliy qadriyatlarimiz chuqur ifodalangani, insonparvarlik, Vatanga muhabbat va inson sha’nini ulug‘lash g‘oyalari muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

San’atkorlar Usmon Azim she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlarni ijro etdi. Shoirning hayoti va ijodi haqidagi videorolik, “Alpomishning qaytishi” spektaklidan parchalar namoyish etildi.
Viloyatda atoqli ijodkor, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim tavalludining 75 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan adabiy-ma’naviy uchrashuv va ijodiy kechalar davom etmoqda. Ertaga shoir tavallud topgan Boysun tumanida ham qiziqarli lahzalarga boy bo‘ladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri