Surxondaryoda osoyishtaligimiz posbonlari sharaflandi
T. Bobolov mazkur mukofotlarni oʻz egalariga topshirdi. Ichki ishlar idoralarining bir guruh xodimlari viloyat hokimining faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Surxondaryo viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni keng nishonlanmoqda.
Shu munosabat bilan Termiz shahridagi Sanat saroyida boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda ichki ishlar idoralari xodimlari va faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, Ichki ishlar vazirligining Surxondaryo akademik litseyi oʻqituvchi va oʻquvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov keyingi yillarda ichki ishlar organlari xodimlariga yaratilayotgan sharoitlar va erishilayotgan natijalarni alohida taʼkidlab, soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.
Qayd etildiki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda ichki ishlar organlarini tubdan isloh qilib, sohani chinakam xalqparvar tuzilmaga aylantirishga qaratilayotgan eʼtibor tinch, osuda hayotimizni taʼminlashda oʻz samarasini bermoqda. Yurtimizda jamoat tartibi va xavfsizlikni taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, boshqa muhim vazifalarni amalga oshirishda ijobiy natijalarga erishilayotir.
Prezidentimizning tashabbusi bilan yuz berayotgan yangilanishlar jarayonida sohaning eng quyi boʻgʻini - mahallada xavfsiz muhit yaratish boʻyicha ishlash uslubi tubdan oʻzgardi. “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati qayta koʻrib chiqildi. Jumladan, avvallari ayrim hududlarda profilaktika inspektori yetishmagani sababli bir inspektor 2-3 mahallaga xizmat qilgani, bunday tartib ularga koʻp hollarda ortiqcha vazifalarni yuklagani sir emas. Endilikda har bir mahallada profilaktika inspektori lavozimi joriy etilib, fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari vazifasini bajarish ham ularga yuklatildi. Profilaktika inspektori mahalla raisi bilan kamida 5 yil birga ishlashi belgilab qoʻyildi. Bu oʻzgarishlar fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilib, hududlarda tinch, toʻkin hayotni taʼminlashga xizmat qilayotir. Ayni paytda viloyatdagi 721 ta oʻzini-oʻzi boshqarish organining har birida bir nafardan profilaktika inspektori xizmat olib borayotgani, ular hududning oʻzida xizmat uylari va xizmat xonalari bilan taminlanayotgani hamda jinoyatdan holi mahallalar safi kengayib borayotgani bunga yaqqol dalildir. Xususan, shu yilning oʻtgan davrida vohadagi 530 ga yaqin mahallada jinoyat sodir etilmadi. Bu raqam oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 90 taga koʻpdir.
Oʻtgan toʻrt yilda tizimdagi barcha tarkibiy va hududiy boʻlinmalar yangi mezonlar asosida qayta shakllantirilib, xodimlar xizmat vazifasiga aloqador boʻlmagan ishlardan ozod etildi. Joriy yilning oʻtgan davrida vohada jinoyatchilikning qasddan odam oʻldirish, bosqinchilik, transport vositasini olib qochish, oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari, voyaga yetmaganlar hamda guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyat kabi qator turlari sezilarli kamaygani ham sohada sodir boʻlayotgan tub oʻzgarishlar samarasidir.
Dunyoga chang solgan koronavirus pandemiyasining oldini olish, unga qarshi kurashish va xalqimiz salomatligini muhofaza qilishda joylardagi ichki ishlar organlari xodimlari ham munosib ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbarining farmoniga koʻra, oʻz hayotini Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga bagʻishlab, pandemiyaning tasirini yumshatishda faol ishtirok etgan va bu ishni oʻzining professional burchi, deb bilgan bir guruh surxondaryolik ichki ishlar idoralari xodimlari yaqinda “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan edi. Kasb bayramlari munosabati bilan viloyatda xizmat burchini sharaf bilan bajarayotgan fidoyi xodimlar davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor boʻldi.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi T. Bobolov mazkur mukofotlarni oʻz egalariga topshirdi. Ichki ishlar idoralarining bir guruh xodimlari viloyat hokimining faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik A.Ismoilov Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonovning bayram tabrigini oʻqib, eshittirdi. Bir guruh xodimlarga Ichki ishlar vazirligining “Aʼlo xizmati uchun”, I, II, III darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari, faxriy yorliq, esdalik va qimmatbaho sovgʻalarini topshirdi. Ichki ishlar vazirligining Surxondaryo akademik litseyi bir guruh oʻquvchilari taʼlim, sport va boshqa yoʻnalishlarda erishgan yutuqlari uchun viloyat IIBning fahriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan mukofotlandi. Sanʼatkorlarning qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.