O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi va 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni Surxondaryo viloyatida keng nishonlanmoqda.
Viloyatning asosiy bayram tadbiri Termiz shahridagi Alisher Navoiy siymosiga chuqur ehtirom ko‘rsatib, haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish bilan boshlandi.

Viloyat va Termiz shahar hokimliklari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, mutasaddi tashkilotlar rahbar va mas’ullari, tilshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar, umumta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchi va talaba-yoshlari, harbiylar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan marosimda mamlakatimizda o‘zbek tilining maqomi va nufuzini yanada yuksaltirish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylangani alohida ta’kidlandi. Ўзбек tilining dunyodagi eng jozibador, boy muloqot vositasi ekani, yurtimizda mustaqillikgacha qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning tilimizni asrab-avaylash va nufuzini oshirishdagi ahamiyati hamda keyingi yillarda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va targ‘ib etishga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida fikr almashdi.

Prezidentimizning shu yil 20 oktyabrda qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, yosh avlodni milliy qadriyat va an’analarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, yurtimizda davlat tilining to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun sharoitlar yaratishda muhim dasturilamal bo‘ladi. Ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish tizimini takomillashtirib, sofligini saqlash va muntazam boyitib borish, zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlab, jahondagi o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida belgilangani va O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kunning katta shodiyona sifatida nishonlanishi mamlakatimizda ona tilimizga ko‘rsatilayotgan beqiyos e’tiborning amaldagi ifodasidir, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Mengnor Ollamurodov. – Bu kun endilikda nafaqat yurtimiz, balki dunyoda nishonlanmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bayram tadbirlari buyuk bobokalonimiz Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yishdan boshlanishi ham barchamizga birdek faxr ulashadi. Ona tilimizni ulug‘lagan so‘z mulkining sultoni shaxsiyati va nafis ijodiga yuksak ehtirom ko‘rsatilayotgani qalblarga o‘zgacha quvonch bag‘ishlaydi. Aslida millatimiz ulug‘lanadigan bu ulug‘ ayyom bir kunlik bayram emas, balki asrlar davomida ona tilimizning sayqal topib, so‘z boyligi ortib borayotgani, tilimizga e’tibor kuchayib, dunyo minbarlarida yangrayotganining o‘zi biz uchun katta shodiyonadir.


Viloyatda bayram tadbirlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri