“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha joriy yilning 30 aprel kuni o‘tkaziladigan umumxalq refrendumiga Surxondaryo viloyatida muddatidan oldin ovoz berish davom etmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida” gi qonunida referendum kuni ma’lum sabablarga ko‘ra yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchining muddatidan oldin ovoz berishi belgilab qo‘yilgan. Shunga asosan Markaziy saylov komissiyaning qarori bilan mamlakatimizda 19 apreldan muddatidan oldin ovoz berish boshlandi.
–Viloyatda 860 ta referendum o‘tkazuvchi uchastka faoliyat yuritmoqda,–deydi O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 9–Surxondaryo okrug komissiyasi raisi A.Xo‘jaqulov.– Ularning barchasida referendumga muddatidan oldin ovoz berishi uchun zarur sharoit yaratildi. Turli sabablarga ko‘ra umumxalq referendumi kuni yashash hududidan olisda bo‘ladigan yurtdoshlarimiz o‘z huquqidan foydalanib, dam olish va bayram kunlari ham soat 12:00 dan soat 16:00 gacha ro‘yxatga olingan referendum uchastkasiga borgan holda muddatidan oldin xohish-irodasini erkin ifoda etmoqda.
Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli aloqa va ishorat korxonasi xodimi Mahbuba Alimardonova xizmat safari bilan poytaxtga yo‘l olmoqda. U 30 aprel kuni Toshkent shahrida bo‘ladi. M.Alimardonova safar oldidan o‘zi yashab turgan Termiz shahri Temir yo‘lchi mahallasidagi 239 –refrendum uchastkasiga kelib, muddatidan oldin ovoz berdi.
–Yangi tahrirdagi asosiy Qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan tanishdim, – deydi Mahbuba Alimardonova. – Unda biz, ayollarning ham huquq va erkinliklarimiz yanada mustahkamlanmoqda. Albatta, hayotimizda muhim o‘rin tutadigan bu jarayonga befarq bo‘lolmaymiz. Shu bois muddatidan oldin ovoz berish uchun uchastkaga kelib, komissiyaga murojaat etdim. Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquqimdan foydalanib, yangilanayotgan bosh Qomusimizga o‘z munosabatimni bildirdim.
Markaziy saylov komissiyasi qaroriga muvofiq referendum o‘tkazuvchi uchastkalarda muddatidan oldin ovoz berish 26 aprel kuni yakunlanadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA