Surxondaryoda mingdan ortiq fermer xo‘jaligi qishloqda mahsulotlarni qayta ishlash korxonasi barpo etgan
Termiz shahridagi “Grant Almaz” to‘yxonasida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Termiz shahridagi “Grant Almaz” to‘yxonasida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.Surxondaryo viloyati agrar tarmog‘ining mehnat faxriylari, qishloq xo‘jaligining ilg‘or vakillari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar yerdan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlari, eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va iqtisodiyotimiz taraqqiyotini ta’minlashda yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2017-yil 9-oktabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, 10-oktabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham agrar tarmoqni modernizatsiya qilish va optimallashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Paxta va boshoqli don maydonlarini qisqartirish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, fermer xo‘jaliklari ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, yer egalarining daromadini ko‘paytirish, xalqimizni arzon, tabiiy va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ko‘lamini yanada kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shunga muvofiq, sohaga keng imtiyoz berilib, ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, tarmoq xodimlarining eksportbop mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha bilimini mustahkamlash, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Yuqori natijalarga erishayotgan mirishkor dehqonlar mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda.
Surxondaryo viloyatida 9 ming 346 fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. 3 ming 543 fermer xo‘jaligi paxta va g‘alla parvarishlab, sifatli, mo‘l hosil yig‘ib olmoqda. 2 ming 318 fermer xo‘jaligi meva-uzum, 40 dan ortig‘i sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirmoqda. 844 tasida chorvachilik, 25 tasida parrandachilik, 150 tasida baliqchilik va 20 ga yaqinida asalarichilik yo‘lga qo‘yilgan. Yetishtirilayotgan mahsulotlarning bir qismi eksport qilinayotir.
Davlatimiz rahbarining Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi voha mirishkorlarini bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga undab, yangi marralar sari ruhlantirdi.
Viloyatda 1 ming 100 ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi qishloqda mahsulotlarni qayta ishlash korxonasi barpo etib, servis va boshqa xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ygan. Bu bilan aholi bandligini ta’minlashdek muhim ishga ko‘maklashayotir.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni etib belgilanganidan juda xursand bo‘ldik, – deydi Muzrabot tumanidagi “Ramazonov Temurmalik” fermer xo‘jaligi rahbari Jamshid Xolbo‘tayev. – Ekin maydonlarimizning meliorativ holatini yaxshilash, yerlarni optimallashtirish, servis xizmati ko‘rsatish sifatini yuksaltirish, mahsulotning ehtiyojdan ortiq qismini xorijga eksport qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar ifodasidir. Joriy yilda 22 gektar maydonda g‘alla parvarishlab, davlat qabul punktlariga 48 tonna don topshirdik. 18 gektardagi sholi hosilining 20 tonnadan ortig‘ini qabul punktlariga yetkazib berdik. 30 tonnadan ortiq don va 40 tonnaga yaqin sholi ixtiyorimizda qoldi. Hozir sholini qayta ishlaydigan ixcham korxonamiz bor. Kelgusida zamonaviy jihozlangan korxona qurishni mo‘ljallamoqdamiz.
Tadbir doirasida tuman hokimlarining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga xizmat avtomashinalari, sektorlar rahbarlari va bir guruh ilg‘or qishloq xo‘jaligi xodimlariga qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. San’atkorlarning konsert dasturi bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.