Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda milliy qadriyatlar tarannumi
11:57 / 2022-10-30

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 27-29 oktyabr kunlari Termiz shahridagi muhtasham San’at saroyida baxshichilik san’ati yo‘nalishida baxshi, oqin va jirov ijrochilarining respublika festivali bo‘lib o‘tdi.

Uch kun davomida xalq og‘zaki ijodi keng tarannum etilgan festivalda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 80 ga yaqin baxshi, oqin va jirov o‘z san’atini namoyish etib, xalqimiz aqlu-zakovati bilan yaratilgan doston va termalarni jo‘shib kuyladi. Buyuk ajdodlarimizning ko‘p asrlik hayot tajribalari, ezgu orzu – intilish va yuksak fazilatlarini o‘zida mujassam etgan boqiy merosimizni keng targ‘ib qildi. O‘zaro tajriba almashdi. Mahorat darslari o‘tkazildi.

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov milliy qadriyatlarimiz kuychilari bilan uchrashib, dildan suhbat qildi. Joylarda “Ustoz–shogird” an’anasi va bo‘lajak yosh baxshi, oqin hamda jirovlarning ezgu intilishlari, baxshichilik maktabi va sinflarida yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. Ko‘rik-tanlovning ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida o‘tkazilayotganini ko‘zdan kechirdi.  Ko‘rik-tanlov qatnashchilariga omad tiladi.

Festival doirasida tashkil etilgan baxshi, oqin va jirovlarning respublika ko‘rik-tanlovida umumjamoa hisobida oliy o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasiga nasib etdi. Birinchi o‘rinni surxondaryolik, ikkinchi o‘rinni xorazmlik va uchinchi o‘rinni qashqadaryolik baxshilar qo‘lga kiritdi.

Tanlov ishtirokchilari orasida faxrli birinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili Azamat Elmuratov, qashqadaryolik Ziyodulla Axmedov va surxondaryolik Ravshan Mamatmurodovlar egalladi. Ikkinchi o‘rin Toshkent shahrilik Rasulbek Abdurahmonov, surxondaryolik Zulxumor Shernazarova hamda qoraqalpog‘istonlik Safargul Bashirovaga nasib etdi. Uchinchi o‘ringa xorazmlik Ximoyat Sariyev, qashqadaryolik Muhammadi Daminov, qoraqalpog‘istonlik Uldavlet Sersenbayeva, surxondaryolik Xamza Xolboyevlar sazovar bo‘ldi. G‘oliblar diplom, festival statuetkasi va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Eng yaxshi doston ijrochisi,” “Eng yaxshi terma ijrochisi”, “Yosh doston ijrochisi”, “Eng yaxshi jirov ijrosi” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib rag‘batlantirildi.

Festival ishtirokchilari viloyatdagi tarixiy obidalar bilan tanishib, ulug‘ ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi.  

Ko‘rik-tanlovning tantanali taqdirlash marosimi san’at ustalari, baxshi, oqin va jirovlarning qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlandi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA