Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz
Mudofaa vazirligining Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlarida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlab “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni”, uchrashuv va boshqa madaniy-ma’naviy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismda “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz”, “Vatan muqaddas, uni himoya qilish – sharafli burch!” shiorlari ostida o‘tkazildi.
Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Surxondaryo viloyati mintaqaviy bo‘limi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi “Veteran” jangchi-faxriylar va nogironlar, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati kengashlari vakillari, harbiy xizmatchilar, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi va boshqarma huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi chaqiriluvchilari, yoshlar ishtirok etgan “Ochiq eshiklar kuni” da mustaqillik yillari Milliy armiyamizda yuz bergan o‘zgarish hamda yangilanishlar xususida fikr almashildi.
– Tadbirda o‘quvchilar va mahallalardagi uyushmagan yoshlarga Qurolli Kuchlarimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy qismlarda yaratilayotgan sharoitlar, zamonaviy qurol-aslahalar haqida atroflicha ma’lumot berildi, – deydi Janubiy operativ qo‘mondonligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik N.Xoliqov. – Yurtimizdagi harbiy bilim yurtlari va ta’lim muassasalarimizda ma’nan yetuk, jismonan toblangan bo‘lajak Vatan himoyachilarini tarbiyalash jarayonlari to‘g‘risida ham suhbatlashdik.
Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan tadbirda ko‘plab o‘g‘lonlarimiz ongida harbiy sohaga qiziqish uyg‘ondi, ishtiyoq paydo bo‘ldi. Eng ulug‘, eng aziz bayramimizning 31 yilligiga bag‘ishlangan “Ochiq eshiklar kuni” doirasida maktablarning o‘quvchilari va mahallalarning uyushmagan yoshlari harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Zamonaviy qurol-aslaha va texnikalar bilan yaqindan tanishdi.
– Yozgi ta’til kunlari tashkil etilgan bu tadbir bizda katta taassurot uyg‘otdi, – deydi Termiz shahridagi 3-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Sardor Eshonqulov. – Harbiy faxriylar va harbiy xizmatchilar bilan dildan suhbatlashdik. Harbiy qism bilan yaqindan tanishdik. Turli harbiy texnika va qurol-aslahalarni o‘z qo‘llarimiz bilan ushlab ko‘rdik, ularni miriqib tomosha qildik. Bu taassurotlarimni endi “Ochiq eshiklar kuni”ga kelolmagan boshqa o‘rtoqlarim bilan baham ko‘raman. Maktabni tugatgach, harbiy uchuvchi bo‘lish uchun oliy harbiy bilim yurtiga o‘qishga kirmoqchiman. Ushbu tadbir bu ahdimni yanada mustahkamladi.
Mudofaa vazirligining viloyatdagi boshqa harbiy qismlarida ham mustaqilligimizning o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar yuksak saviyada o‘tkazilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA