Termizda fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Surxondaryo viloyat komissiyasi a’zolari uchun navbatdagi seminar mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Surxondaryo viloyat komissiyasi raisi Abduraim Choriyev, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i, komissiya raisi o‘rinbosari Saydulla Abduraimov, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi boshqarma boshlig‘i Sarvar Mirzayevlar so‘nggi yillarda mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash, tizimni bosqichma-bosqich rivojlantirish, uning moliyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytirish yuzasidan amalga oshirayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, shu yilning may-iyul oylarida o‘tkaziladigan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovining o‘ziga xos xususiyatlari, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq yuz bergan yangilanishlar, fuqarolar yig‘ini raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlari uchun tayyorlangan qo‘llanmaning mazmun-mohiyati, fuqarolar yig‘ini raisi saylovining tashkiliy-huquqiy asoslari va uni ochiq-oshkora o‘tkazish xususida fikr almashdi. Joriy yilning 1-10 may kunlari o‘tkaziladigan fuqarolar yig‘ini raisi sayloviga ko‘rilayotgan hozirlik ishlari tahlil qilinib, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasi a’zolarining muhim kampaniya davridagi vazifalari tushuntirildi.
Ayni paytda viloyatda fuqarolar yig‘ini raisi saylovini yuksak saviyada o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat, tuman, shahar komissiyalari, fuqarolar yig‘inlarida saylovni o‘tkazuvchi ishchi guruhlar belgilangan chora-tadbirlar rejasini sifatli amalga oshirayotir.

O‘zbekiston mahalla uyushmasining ishchi guruhlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, mahalla raisi saylovini tashkil va o‘tkazish bo‘yicha uslubiy tavsiya, mahalla raisi sayloviga oid “100 savolga – 100 javob” va mahalla raisi sayloviga oid normativ-huquqiy hujjatlar to‘plami, uslubiy qo‘llanmalar, saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlari uchun eslatmalar kitobchasi tarqatildi.
Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat, tuman, shahar komissiyalari hamda ishchi guruhlari uchun o‘quv-seminarlar o‘tkazilib, yangi O‘zbekistonning yangi mahalla saylovi tartib-taomillari bilan yaqindan tanishtirildi.

Joriy yil may oyining birinchi o‘n kunligida viloyatdagi 151 mahallada fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Seminarda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri