Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov Surxondaryo viloyatidagi zavod, fabrika va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishdi.
Xususan, “Dream silk”, “Denov dream silk”, “Denov dream textile”, “Dream silk textile” va “Dream cotton textile” MCHJlar ish faoliyati ko‘zdan kechirildi.
Mazkur MCHJlar maxsus ish kiyimlar, erkaklar ko‘ylagi, mato, trikotaj mahsulotlari, ip-kalava, sport va yo‘l sumkalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, korxonalarni ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan 70 foiz uskuna va jihozlar xorijdan olib kelingan. Ushbu loyihalar asosida 6 ming 700 ta shundan 5 ming 700 ta doimiy va mingta mavsumiy ishchi o‘rni yaratilgan.

Prezidentimizning joriy yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra mazkur korxonalarda asosan chevar opa-singillarimiz faoliyat yuritadi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar mahalliy bozorlarimizdan tashqari xorijiy mamlakatlarga ham eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.

Korxonlarda olib borilayotgan ishlarni tekshirish jarayonida yangi loyihalarni amalga oshirish orqali ish o‘rinlarini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvati va sifatini oshirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Ko‘tarilgan dolzarb masalalarning aniq ijrochi mas’ullari va muddatlari belgilab berildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA