Surxondaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazdi.
Unda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Tohir To‘rayev va bo‘lim boshlig‘i Bekmurod Maxmatqulov ommaviy axborot vositalari vakillariga korrupsiyaning davlat boshqaruvi va jamiyat hayotiga salbiy ta’siri, unga qarshi kurashishda tizimli yondashuvning ahamiyati hamda bu borada sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Matbuot anjumanida mamlakatimizda korrupsiyaviy xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlab, korrupsion xatarlarni bartaraf etishga xizmat qilayotgani, korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy tizimlarini qo‘llab, bu illatga olib kelishi mumkin bo‘lgan tahdid va xavf-xatarlarni baholash korrupsiyaga chek qo‘yishda o‘z samaralarini berayotgani ta’kidlandi. Shunga muvofiq shaxsiy tarkibda korrupsiyaviy holatlar va manfaatlar to‘qnashuvi, huquqbuzarlik va qonun buzilishlarining oldini olishga, harbiy intizomni mustahkamlab, xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
– Boshqarmada korrupsiyaviy holatlar va manfaatlar to‘qnashuviga barham berish yuzasidan olib borilayotgan keng qamrovli ishlar tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minladi, –deydi bo‘lim boshlig‘i Bekmurod Maxmatqulov. – Joriy yilda boshqarma va bo‘limlarda birorta ham korrupsion holat yuz bermadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilayotgan muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar, shuningdek, ish samaradorligini oshirish va harbiy xizmatchilarni munosib rag‘batlantirish uchun ular faoliyatini baholashning KPI tizimi joriy etilgani o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. Bu jarayon aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyati oshib borayotganini ham tasdiqlamoqda.

Anjumanda tizimning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan profilaktik tadbirlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, kelgusidagi rejalar haqida ham atroflicha fikr almashildi. Taklif va tavsiyalar bildirildi. Ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA