Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda kelasi mavsum uchun 35 ming quti ipak qurti urug‘i tayyorlandi
19:20 / 2021-10-22

Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov raisligida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar rahbarlari ishtirokida onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda 2021 yil 9 oyligi yakunlari, eksport ko‘rsatkichlarining bajarilishi, ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish, tut plantatsiyalarini nazorat qilish va ularni xatlovdan o‘tkazish, 101 ta investitsion loyihani ishga tushirish masalalari tanqidiy ko‘rib chiqildi. 

Shuningdek, uyushma tizim korxonalari tomonidan olib borilayotgan ishlar natijadorligini tahlil qilish, belgilangan ustuvor vazifalarni o‘z vaqtida bajarish maqsadida maxsus monitoring guruhlarini tuzish va ularni hududlarga safarbar qilish masalasi muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi tasarufidagi "Ipakchilik" ilmiy tadqiqot instituti direktori Shuhrat Abdulazizov boshchiligidagi ishchi guruh Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi “Xuashen silk PRO” urug‘chilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

“Xuashen silk PRO” urug‘chilik korxonasida hozirda 2022 yil uchun 35 ming quti urug‘ tayyorlangan bo‘lib, shundan 30 ming qutisi bahorgi mavsum uchun, qolgan 5 ming quti ipak qurti urug‘i takroriy yetishtirishga mo‘ljallangan. Bu o‘rtacha 1 ming 925 ming kilogramm pilla maxsuloti, degani.

Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi axborot xizmatining ma’lumot qilishicha, uchrashuvda respublikamizda ipakchilik tarmog‘i, ayniqsa, urug‘chilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinmoqda. 

O‘rganish barobarida urug‘chilik korxonalarida tayyorlanayotgan urug‘ning hajmi, saqlash tizimi, sharoiti, mikro tahlili, keyingi yil uchun tayyorlanayotgan urug‘ sifati, shuningdek, kasanachilar bilan tuzilayotgan shartnomalar va tutzorlarining holati ham batafsil o‘rganilmoqda. 

Ipak qurti urug‘ini saqlash jarayonidagi muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar taklif qilinib, haroratning me’yori va urug‘larni yuvish jarayonlaridagi e’tiborli jihatlar to‘g‘risida ma’lumot berilmoqda. 

Shuningdek, urug‘dan bo‘shagan xonalar va so‘rilarni dezinfeksiya qilish bilan bog‘liq ishlar ham sinchiklab o‘rganildi hamda tutzorlar holati va ularda amalga oshirilayotgan agrotexnik ishlar ham tahlil qilinmoqda. Tut ko‘chatlarini o‘g‘itlash ishlari, tut parvonasiga qarshi kurashish va qator oralarini begona daraxtlardan tozalash ishlari qay darajada tashkil etilganligi ham atroflicha nazoratdan o‘tkazildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA