Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda Kasaba uyushmasiga amaldagi rais qayta saylandi
15:04 / 2025-07-22

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Surxondaryo viloyati Kengashining IX hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Sayfulla Ahmedov, kasaba uyushmalari tizimidagi faollar, delegatlar ishtirok etdi.

Tadbirda mehmon sifatida Tojikiston Mustaqil Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xatlon viloyati Kengashi raisi Rizozoda Abduroziq Sharif boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashdi.

Hisobot va amaliy ishlar tahliliga bag‘ishlangan konferensiyada 2020–2025 yillarda viloyat Kengashi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot tinglandi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat Kengashi raisi Abdukarim Ahmedov 2020-2025 yillarda kengash tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, hisobot davrida tashkilotga 2689 ta murojaat kelib tushgan, ularning 981 tasi qanoatlantirilgan, 376 tasi rad qilingan, 1116 ta murojaatga huquqiy maslahat berilgan, 148 tasi tegishliligicha boshqa organlarga yuborilgan, 46 tasi takroriy bo‘lganligi sababli ko‘rilmagan.

[gallery-24408]

2021-2024 yillarda «Ayollar daftari»ning 5 ta bosqichiga viloyatda ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir hamda yordamga muhtoj jami 234 ming 228 nafar xotin-qiz kiritilib, ularga 340,9 milliard so‘mlik amaliy yordam ko‘rsatilgan. Joriy yilda ham daftarning 6-bosqichida vohaning 70 ming 979 nafar xotin-qizi ushbu ro‘yxatga kiritilib, ularga manzilli yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Shuningdek, hisobotda keltirilganidek, keyingi besh yilda vohada 180 o‘rinli "Xo‘jaipok" va 50 o‘rinli "Sangardak" dam olish maskani, 200 o‘rinli "Sangardak" sanatoriysi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, Boysun tumanidagi "Omonxona" sanatoriysini kengaytirish bo‘yicha yangi qurilishlar boshlandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat Kengashi raisi va o‘rinbosarligiga nomzodlar ko‘rsatilib, belgilangan tartib asosida saylov o‘tkazildi.

Yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan saylovda amaldagi rais Abdukarim Ahmedov yana 5 yil muddatga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat Kengashi raisi vazifasiga saylandi.

Hisobot-saylov konferensiyasi davomida kengashning kelgusi besh yillikdagi faoliyati bilan bog‘liq tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA