Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug “Termiz” dala-o‘quv maydonida “Kalibr” klubining Surxondaryo viloyati bo‘yicha “Eng mohir ovchi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Mudofaa vazirligi va kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari hamda klub a’zolari ishtirok etgan bellashuvning ochilish marosimida mamlakatimizda keyingi yillarda ovchilarga yaratilayotgan sharoitlar, ularning boy tajribasi va mahoratiga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritildi. O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi hamda Mudofaa vazirligi hamkorligida tashkil etilgan “Kalibr” uzoq masofalarga o‘q otish klubining ahamiyati xususida fikr almashildi.
“Vatanparvar” tashkilotining respublika texnik va amaliy sport turlari markazi qoshida tashkil etilgan klubning asosiy maqsadi ov va uzoq masofalarga o‘q otish sporti havaskorlari, O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi bilan hamkorlikni mustahkamlab, ular bilan tajriba almashish, mamlakatimiz hududida uzoq masofalarga o‘q otishni ommalashtirishga qaratilgan.
Klub Nizomiga ko‘ra, unga faqat O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasiga a’zo bo‘lgan (qurol olib yurishga haqli) fuqarolar qabul qilinadi. Birlashma niqoblanish, joyga moslashish, oriyentirlanish, qiyin sharoitlarda yashovchanlik bo‘yicha o‘z tajriba va ko‘nikmalarini harbiy xizmatchilarga o‘rgatish uchun mahorat darslari o‘tib borishi belgilangan.
Musobaqa ishtirokchilari avtomat va merganlik miltig‘idan turli masofalardagi nishonlarni yo‘q qilish bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
G‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri