Mamlakatimizda jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk yoshlarni tarbiyalab, kamolga yetkazish, ularning iste’dodini keng namoyish etishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, bandligini ta’minlab, jamiyatda o‘z o‘rnini egallashiga ko‘maklashish davlatimiz belgilab olgan siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Surxondaryo viloyatida ham bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Belgilab olingan vazifalar ijrosi doirasida viloyat hokimi U. Qosimov tumanlar va Termiz shahridan taklif etilgan 150 nafar ishsiz yigit-qiz bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Mutasaddi tashkilot va idoralar, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etgan uchrashuvda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularga biriktirilgan rahbarlarning mas’uliyatini kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida viloyat rahbari har bir yosh bilan alohida suhbatlashib, ularning fikrlarini tingladi. Ellikdan ortiq tashkilot, muassasa va idoralar rahbarlariga biriktirib, yoshlarning qiziqish va istaklarini inobatga olgan holda kasbga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Masalan, uchrashuvda Termiz shahridagi Yulduz mahallasida yashaydigan paratennis bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Bexzod Ibragimov viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i, tennis federatsiyasi raisi Erkin Narmanov, viloyat ijtimoiy himoya hamda viloyat sport boshqarmasi boshliqlariga biriktirildi. Endilikda ular Behzodning paratennisni ommalashtirishi uchun zarur sharoitlarni yaratib beradi.

– Viloyat hokimi fikrlarimni tinglagach, menga katta ishonch bildirganidan juda quvondim, – deydi Behzod Ibragimov. – Endi biriktirgan rahbarlar ko‘magida sportning bu turini yanada chuqur o‘zlashtiraman. Kelgusida trener bo‘lib, paratennisga qiziqishi bor tengdoshlarimni sportning shu turi bo‘yicha mashg‘ulotlarga jalb etaman. Viloyatda paratennisni rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shaman.
Viloyat rahbari shu kuni yoshlarning qiziqish va intilishlarini inobatga olib sohalar kesimida tegishli mutasaddilar va oliy ta’lim muassasalari rektorlariga qo‘shib berdi.

– Maqsadimiz biriktirilgan o‘g‘il-qizlar hayotda o‘z o‘rnini topishi kerak, – dedi viloyat hokimi. – Raqam ketidan quvmaymiz. Ishga joyladim, deb yarim stavkami, undan ham kamroqqami buyruq chiqarib, ko‘z-ko‘z qilmaymiz. Ularni tarbiyalash uchun zarur bo‘lsa o‘zimiz bilan birga olib yurib, ish o‘rgatamiz. Toki, o‘z yo‘lini topib ketgunicha ko‘maklashamiz. Ana shunda biz yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikning ijrosini sifatli ta’minlaymiz.

Bu tashabbusning ahamiyatli jihati shundaki, rahbarlar biriktirilgan yigit-qizlar ularning otalig‘ida ish o‘rganadi. O‘qish istagi bo‘lganlari ta’lim olib, o‘zlari qiziqqan kasbni egallaydi. Doimiy bandligi ta’minlanadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri