English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda ishonchli vakil saylovoldi tashviqotini boshladi
16:15 / 2023-06-07

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Surxondaryo viloyati kengashi binosida O‘zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodning ishonchli vakili Abduhakim Eshmurodov joylarda saylovoldi tashviqotini boshlashi munosabati bilan brifing o‘tkazdi.

Markaziy ommaviy axborot vositalarining hududdagi vakillari va mahalliy jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi majlisining joriy yil 5 iyundagi qarori bilan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2023 yil 7 iyundan boshlanishi e’lon qilingani, shuningdek, 6 iyunda Prezidentlikka nomzodlarning ishonchli vakillari ro‘yxatga olinib, Markaziy saylov komissiyasining belgilangan namunadagi guvohnomasi berilgani ta’kidlandi.  

Ishonchli vakillar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi. Uning saylanishi uchun tashviqot olib boradi. Davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.  

Brifingda O‘zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodning ishonchli vakili A.Eshmurodov saylov kampaniyasi davridagi vazifalari, maqsad va amalga oshiradigan ishlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi mazmun-mohiyati to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.  

Qayd etildiki, shu yil 9 iyulda mamlakatimiz hayotida juda muhim ijtimoiy-siyosiy voqea – muddatidan ilgari Prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Unda mustaqil yurtimiz tarixida yangi davrga asos solgan, Yangi O‘zbekiston me’mori – Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod sifatida ishtirok etmoqda. O`zLiDeP XI S’ezdida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z dasturining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida ma’ruza qildi. Dastur beshta maqsadni qamrab olgan.  

Birinchi maqsad – har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoit yaratishdir. Bu ta’lim sifatini yaxshilashdan tortib, aholi salomatligini yaxshilash, sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ayollarning ish sharoitlarini yaxshilashgacha qamrab oladi.  

Ikkinchi maqsad – mamlakatimizning barqaror o‘sishini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, 2030 yilgacha iqtisodiyotimiz o‘sish sur’atlari 2 barobar oshirilib, 160 milliard dollarga yetkaziladi. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshiriladi.  

Uchinchi maqsadga ko‘ra, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish ta’minlanadi. Ya’ni 2030 yilga qadar ekin maydonlari to‘liq suv tejaydigan texnologiyalarga o‘tkaziladi. Dalalarga suv yetkazadigan ob’ektlar fermer va klasterlar boshqaruviga beriladi. Suv yetkazish tizimiga Turkiya, Ispaniya, Xitoy kabi davlatlar tajribasi keng joriy etiladi. Suv tejaydigan texnologiyani qo‘llagan fermer va dehqonlar uchun kelgusi yildan 10 foizli kredit ajratiladi, o‘z hisobidan joriy qilganlarga xarajatning 50 foizi qoplab beriladi. Shuningdek, atrof-muhitni muhofazalash uchun ham qator amaliy ishlarga qo‘l urilishi nazarda tutilmoqda.  

– Qonun ustuvorligi ta’minlanmagan yurtda o‘sish, rivojlanish, yuksalish bo‘lmaydi, – dedi A.Eshmurodov. – Shu bois qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish to‘rtinchi maqsad hisoblanadi. Beshinchi maqsadda O‘zbekistonning tashqi siyosati, milliy xavfsizlikni ta’minlash masalasi o‘rtaga tashlanmoqdaki, bu qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini jadal yuksaltirish, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish, transport yo‘laklarini rivojlantirish borasidagi amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishni o‘z ichiga oladi. Qolaversa, xorijdagi vatandoshlarimiz qo‘llab-quvvatlanadi.Ular orasida ona tili, milliy madaniyat va an’analarni targ‘ib etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘riladi. Xavfsizlik borasida mamlakatimizda yashayotgan har bir fuqaroning xavfsiz yashashini ta’minlash uchun armiyamizning mudofaa qudrati oshirilib, Milliy armiyamiz 2030 yilgacha eng zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan ta’minlanadi.  

Brifingda so‘nggi olti yilda mamlakatimiz xususan, Surxondaryo viloyatida yuz bergan tub o‘zgarish va yangilanishlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Inson qadri uchun tamoyili asosidagi islohotlar natijasida aholining bandligi oshayotgani, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalari isloh qilinib, ayollarga munosabat, yoshlarga e’tibor tubdan o‘zgargani aniq misollar bilan tushuntirildi. Puxta o‘ylangan ijtimoiy siyosat natijasida yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularning daromadini oshirish borasida “uchta daftar”, ijtimoiy reyestr tizimi yo‘lga qo‘yilib, sezilarli natijalarga erishilayotgani qayd etildi.  

–O‘tgan yillar partiyamizning elektorati bo‘lgan tadbirkorlar, fermerlar uchun ham misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar davri bo‘ldi, – dedi ishonchli vakil. –Tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lish davlat siyosatiga xiyonat, deb qabul qilindi. Asossiz tekshiruvlarga chek qo‘yildi. Eksportyorlar rag‘batlantirilib, ishbilarmonlik tashabbuslari to‘liq qo‘llab-quvvatlandi. Bu ishlar oxirgi olti yilda tadbirkorlar safini olti barobarga ko‘paytirib, ular sonini ikki milliondan oshirdi. Keyingi 6-7 yilda Surxon vohasida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida 15 mingdan ziyod korxona ishga tushirildi. Yangi qurilgan “Zarchob-1” va “Zarchob-2” mikro gidroelektr stansiyalarida yiliga 201 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, 257 maktab qurildi va rekonstruksiya qilindi. Bog‘chalar qamrovi 18 foizdan 62 foizga yetdi. 302 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Ming kilometr xalqaro va 3 ming kilometr ichki yo‘l ta’mirlandi. Bu viloyatda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalarning bir qismi, xolos. Chunki, bunday ulug‘vor ishlarni yana ko‘plab misol keltirish mumkin.  

Brifingda A.Eshmurodov O‘zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili sifatidagi faoliyatini boshlaganini ma’lum qildi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA