Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda ilg‘or tajribalar ommalashtirilmoqda
09:43 / 2025-02-23

FOTOREPORTAJ

Surxondaryoda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari” mavzusidagi respublika seminari bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov, viloyat mutasaddilari hamda 77 ta og‘ir toifadagi va 30 ta namunali mahallalarning hokim yordamchilari ishtirok etdi.  

Ilk manzilda Termiz tumanining Qahramon mahallasidagi 3 gektar yer maydonida tashkil etilgan Surxondaryo tomorqachilik maktabi bilan tanishildi. Mazkur hudud viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Markaziy va tijorat banklariga biriktirilgan. Hududda ekin yerlar shudgorlandi, chizel solinib, ildizpoyali o‘tlar taroqlab yig‘ishtirildi, agrotexnologiya normalaridan kelib chiqqan holda mineral va organik o‘g‘itlar solinishi ta’minlandi. Mahsulotlar yetishtirish ishlari boshlab yuborildi.

Ishtirokchilar Angor tumanidagi Bahor va Ilg‘or mahallalarida olib borilayotgan qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlar bilan ham tanishdi.

Vazir mahallalarda tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish, xususan, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish, eksportbop mahsulotlarni ko‘proq yetishtirish orqali aholi daromadini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Navbatdagi manzil, Qumqo‘rg‘on tumani bo‘lib, tumandagi Uyas mahallasida “Bir mahalla-bir mahsulot” dasturi va tomorqa yerlaridan samarali foydalanish borasidagi ishlar o‘rganildi. Ushbu mahalla fuqarolaridan biri Botir Nuraliyev xonadonida tashkil etilgan issiqxona faoliyati bilan tanishildi.

Xonadonda 30 sotix issiqxona mavjud bo‘lib, birinchi mavsumda 100 mingdan ziyod bulg‘or qalampiri, pomidor va bodring ko‘chatlari yetishtiriladi. Ikkinchi mavsumda 12 ming dona “Lotta”, “Belogor” va “Fish” kabi bulg‘or qalampiri navlari ekilib, ichki va tashqi bozorga eksport qilinadi. Bir sotix issiqxonadan o‘rtacha 800 kilogramm, 30 sotix issiqxonadan 24000 kilogramm hosil olinadi. Daromad esa o‘rtacha 380 million so‘mni tashkil etadi. Buning natijasida oilaning barcha a’zolari va mahallaning 10-15 nafar ayol-qizlari mavsumiy ishga jalb qilinib, bandligi ta’minlanadi.

[gallery-21882]

Sariosiyo tumanida yaratilgan ilg‘or tajribalarni boshqa hududlarda ham keng joriy etish zarurligi qayd etildi.

Seminar yakunida sohaga oid dolzarb masalalar muhokama qilinib, zamonaviy ilmiy-uslubiy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA