Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda ichki turizm yangi bosqichda yuksaladi
12:04 / 2020-06-17

Sayyoramizga chang solgan pandemiyadan butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimiz sayyohlik sohasi ham jiddiy zarar koʻrdi.

Munosabat 

Prezidentimiz joriy yil 16-iyun kuni xizmat koʻrsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida ichki turizm imkoniyatlaridan yana-da unumliroq foydalanib, sohaga xizmat qiluvchi yoʻldosh tarmoqlarda ish joylari tashkil etish, diqqatga sazovor maskanlar va qadimiy shaharlarga sayohatlar uyushtirishga alohida eʼtibor qaratdi.

Sayyoramizga chang solgan pandemiyadan butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimiz sayyohlik sohasi ham jiddiy zarar koʻrdi. Jahonda shunday ogʻir, qaltis vaziyat yuzaga kelgan bir sharoitda sohaga alohida ahamiyat berilayotgani turizm va unga yoʻldosh tarmoqlarda koʻzga tashlanmas bu ofat taʼsirini yumshatishga xizmat qilayotir.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi keng tarqalishiga qarshi karantin qoidalari joriy etilganidan boshlab, turizm hamda unga bevosita bogʻliq boʻlgan tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlashga jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Ularga turli imtiyoz va pereferensiyalar qoʻllanilayotir. Xususan, Prezidentimizning shu yil 28-maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni sohani bosqichma-bosqich tiklashning eng samarali yoʻllarini belgilab berdi. Bu safargi videoselektor yigʻilishida mamlakatimizda yangi ichki turizm marshrutlari ochish, koʻchma dam olish maskanlarini koʻpaytirish, tibbiyot va sogʻlomlashtirish turizmini yuksaltirish yuzasidan tegishli vazifalar topshirildi.

Viloyatimizda bu yoʻnalishlarda katta salohiyat mavjud. Qadimiy voha noyob madaniy yodgorliklari va tabiiy meros obyektlariga boy hudud. Ziyorat, buddizm, agro, sanoat, ekologik va sogʻlomlashtirish, gastronomik turizmi yoʻnalishlariga dunyo ahli katta qiziqish bildirgani ham bejiz emas.

Pandemiya sharoitida ham viloyatning jozibador turistik imkoniyatlaridan yana-da unumli foydalanish boʻyicha belgilab olingan vazifalar izchil davom ettirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining joriy yil 27-maydagi “Surxondaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yana-da oshirishda muhim omil boʻlayotir. Mazkur hujjatga asosan 2020-2021-yillarda vohaning turistik infratuzilmasini rivojlantirish tubdan oʻzgaradi. 

Xususan, viloyatning hududiy investitsiya dasturi doirasida 20 ta zamonaviy mehmonxona qurilib, 1 ming 110 dan ziyod yangi joylashtirish oʻrinlari yaratiladi. 170 oʻringa moʻljallangan 4 ta sogʻlomlashtirish markazi tashkil etilib, 487 oʻringa moʻljallangan 60 ta oilaviy mehmon uylari barpo etiladi. Yirik ziyorat turizmi obyektlari atrofida 6 ta hunarmandchilik markazlari va xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Termiz xalqaro aeroportiga Yaponiya, Koreya, Hindiston, Xitoy, Turkiya kabi qator davlatlardan aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Fargʻona yoʻnalishlarida mavsumiy aviaqatnovlarni tashkil etish rejalashtirilgan. 

Avtomobil yoʻllari infratuzilmasi shakllantirilib, sayyohlarga xizmatlar koʻrsatish qamrovini kengaytirish, turistlar uchun koʻngilochar maskanlar, savdo markazlari, akvaparklar barpo etish, soʻlim va betakror manzaralarga boy hududlarda kichik turizm zonalari qurish boʻyicha ham yirik hajmdagi bunyodkorlik ishlari olib boriladi. Ziyorat, agro, arxeologiya turizmlari tubdan rivojlantiriladi.

Qarorda sohaga malakali kadrlar tayyorlash va ularning malaka koʻnikmalarini oshirish yoʻllari ham belgilab berilgan. Viloyatning boy turistik salohiyatidan yana-da oqilona foydalanishda “Oltin uchburchak” loyihasining amalga oshirilayotgani, tibbiyot va sogʻlomlashtirish turizmini yuksaltirishga eʼtibor kuchaytirilayotgani ham ahamiyatli boʻldi. Zero, bu borada olib borilayotgan ishlar turizm va unga bogʻliq tarmoqlarda minglab yangi ish oʻrinlari tashkil etishga qulay muhit yaratayotir.

Davlatimiz rahbari kecha boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida Oʻzbekistonning qadimiy shaharlaridagi sayyohlik imkoniyatlaridan toʻla foydalanilmayotganini alohida taʼkidlab, xalqimiz orasida ularni bilmaydiganlar, koʻrmaganlar hali ham koʻpligini qayd etdi. Bu tavsiyalar asosida viloyatning pandemiya yumshayotgan va “yashil” hududga aylangan goʻshalarida mavjud tarixiy-madaniy, arxeologik, ziyorat turizmi obyektlariga maroqli sayohatlar uyushtirishga eʼtiborni kuchaytirishni rejalashtirib oldik.

Zafar NOMOZOV,

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi

Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi