Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda hosildan bo‘shagan 66 ming 240 gektar maydon shudgorlandi
16:32 / 2023-11-02

Joriy yil kuz faslida Surxondaryo viloyati dehqonlari hosildan bo‘shagan 100 ming 654 gektar maydonni shudgorlab, bo‘lg‘usi hosilga tayyorlayotir. Shu kunlarda ekindan bo‘shagan yerlarni sifatli haydash uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.

Bugun Sherobod tumanida 2024 yil hosili uchun kuzgi shudgorlash yumushlarini qulay muddatlarda sifatli amalga oshirishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Videokonfrensaloqa shaklida o‘tkazilgan seminarda viloyatdagi boshqa tumanlar mutasaddilari onlayn qatnashdi.  

Seminarda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov qishloq xo‘jaligi xodimlariga murojaat etib, mavjud maydonlarni o‘z vaqtida va sifatli shudgorlash xususida atroflicha so‘z yuritdi. Hududlarda tashkil etilgan kuzgi shudgorlash shtablari va otryadlarining ikki smenada samarali ishlashini yo‘lga qo‘yish va bu jarayonda sektor rahbarlarining vazifalari haqida fikr almashildi.  

–Dona xalqimizning “Yer haydasang kuz hayda, kuzda haydamsang yuz hayda” degan gaplarida chuqur ma’no bor,–dedi viloyat rahbari. – Kuz faslida sifatli shudgorlangan ekin maydonlari kelgusi mo‘l hosilga puxta zamin yaratadi. Chunki, kuzda bir tekis chuqur haydalgan yerga yog‘inlar yengil singadi. Minerallarga to‘yinadi. Zichlashgan haydov qatlami yumshaydi. O‘simlik poyasi, begona o‘tlar ildizi va urug‘i chuqur ko‘milib, chiriydi. Yerga ishlov berishning muhim usuliga aylangan kuzgi shudgorni sifatli bajarish uchun mexanizatorlarning ish haqlarini o‘z vaqtida berish, issiq ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozim.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kungacha viloyatda kelgusi yil hosili uchun 66 ming 240 gektar maydon sifatli shudgorlandi. Kuzgi bu ishni tez va samarali tashkil etish uchun vohada 168 ta otryad tuzilib, 338 ta haydov traktori jalb etilgan.  

Seminarda kuzgi shudgorni tez, sifatli yakunlash yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri