Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida yetishtirilgan qovun tarkibida nitrat miqdori me’yoridan ko‘pligi uchun uni iste’mol qilgan insonlar zaharlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Holat yuzasidan viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, vohadagi barcha dehqon va oziq-ovqat bozorlarida poliz mahsulotlari, shu jumladan, qovunlar doimiy veterinariya-sanitariya laboratoriyalarida tekshiruvdan o‘tkazilib, ulardagi nitrat miqdori belgilangan sanitariya me’yorlariga muvofiq deb topilsa savdoga chiqarishga ruxsat berilmoqda.
Shuningdek, hozirgacha viloyatdagi biror tibbiyot muassasasiga qovun iste’molidan zaharlanish bilan murojaat etilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalardagi qovun navlarining Surxondaryo viloyatida parvarishlanadigan mahsulotlar turiga aloqasi yo‘q. Dehqonlar sifatli, talabga javob beradigan qovun navlarini yetishtirib, mahalliy bozorlarga yetkazib bermoqda.
Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutasaddilari aholidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan norasmiy va tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikni, axborotlarni faqat rasmiy manbalar orqali olishni tavsiya etdi. Jumladan, qovundan zaharlanish bilan bog‘liq tarqalgan videolavhalar ham haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va mutlaqo yolg‘on ekanini ma’lum qildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri