Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda haydovchilar uchun zamonaviy imtihon markazi ish boshladi
16:25 / 2025-11-11

Termiz shahrida haydovchilar uchun yangi imtihon markazi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Prezidentimiz g‘amxo‘rligi bilan yurtimizda barcha sohalar shu jumladan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida ham tub islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Bu boradagi ishlar inson o‘limi va boshqa talafotlar bilan bog‘liq avtohalokatlar sonini kamaytirishga xizmat qilayotgani, mazkur markaz ham sohaga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi samarasi ekani qayd etildi.

Uch gektar maydonda barpo etilgan imtihon topshirish markazida bo‘lg‘usi haydovchilarning o‘z bilim va malakalarini sinovdan o‘tkazishi uchun shaffof tizim yaratilgan. U zamonaviy innovatsion markaz sifatida nomzodlarga o‘z tayyorgarlik darajasini namoyish etish imkonini beruvchi maxsus o‘quv xonalari va sinov yo‘lagi bilan jihozlangan. Haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy sinovlardan o‘tishda imtihonlar inson ishtirokidan butunlay xoli avtomatlashtirilgan elektron tizimda topshirilib, baholanadi.

Sinov yo‘lagida amaliy imtihon topshirishda A, B, C, D, BE, CYe va DE toifalari uchun 1 ta yuk avtomobili, 1 ta avtobus, 9 ta yengil avtomashina, ularning bittasi nogironligi bo‘lgan fuqarolarga mo‘ljallangan bo‘lib, bitta mototsikl, yengil va yuk avtomobillari uchun tirkamalardan foydalaniladi.

Markazda  svetoforlar, avtoturargohlar, piyodalar o‘tish joylari va yo‘l belgilari mavjud bo‘lgan platformada barchasi odatiy yo‘llardagi kabi qoidalarni o‘z ichiga olgan. Eng muhimi, amaliy imtihon vaqtida avtomobilda faqat nomzod bo‘ladi va barcha qoidabuzarliklar maxsus datchik va qurilmalar orqali avtomat ravishda qayd etiladi.

Markazda nogironligi bo‘lgan shaxslarning imtihon topshirishi uchun ham barcha qulaylik mavjud. 

Qator yillardan buyon surxondaryoliklar haydovchilik guvohnomasini olish uchun olis yo‘l bosib, Qashqadaryo viloyatiga borishiga va imtihon topshirishiga to‘g‘ri kelar edi. Endilikda ular Termiz shahrining o‘zida nazariy va amaliy sinovlardan o‘tib, vaqtini tejaydi. Ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qo‘yiladi. 

Ayni paytda viloyatdagi 52 ta o‘quv maktabida haydovchilikning sir-asrorlari o‘rgatilmoqda. Yangi markaz bir kunda 800 nafar nomzoddan nazariy, 400 nafaridan amaliy imtihonlarni olish quvvatiga ega. 

Tantanali marosim yakunida viloyat hokimi, soha mutasaddilari va boshqa ishtirokchilar markazda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri