Surxondaryo viloyat mudofaa ishlari boshqarmasida O‘zbekiston halq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab “Men sevib o‘qiydigan adibning asarlari” mavzuida madaniy-ma’rifiy kecha o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!”shiori ostida tashkil etilgan tadbirda viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, harbiy xizmatchilar, Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi viloyat bo‘limi vakillari, chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxasisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi chaqiriluvchilari, adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar,ijodkor yoshlar ishtirok etdi.

Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Ilxom Qambarov, Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali dotsenti Malika Egamberdiyeva, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi azosi Sharofat Jalilova va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimizda kitob mutolaasiga alohida etibor qaratilayotgani buyuk ajdodlarimiz va yozuvchi-shoirlarning boy madaniy merosini yanada chuqur o‘rganishga katta qiziqish uyg‘otganini ta’kidladi. Ular tavallud topgan sanalarning mamlakatimiz miqyosida keng nishonlanayotgani ibratli hayot yo‘li va ijodi bilan keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlarni yanada chuqur tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Atoqli adib va jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga unutilmas hissa qo‘shdi. Adib ijodiy merosining yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga muhabbat ruhida tarbiyalashda o‘rni beqiyosdir.
Prezidentimizning 2020 yil 2 dekabrdagi "O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Suyukli yozuvchining "Cho‘l havosi", "Odamlar nima derkin", "Shamol esaveradi", "Qalbingga quloq sol", "Bahor qaytmaydi"," Dunyoning ishlari", qissalari, "Nur borki, soya bor", " Ikki eshik orasi", "Tushda kechgan umrlar" romanlari nashr etilgan. Adibning "Daftar hoshiyasidagi bitiklar" kitobi xalqimiz sevib mutolaa qiladigan nodir asarga aylangan.
Madaniy-marifiy kechada adabiyotshunos olim va yozuvchilar adibning ibratli hayoti va sermahsul ijodi haqida atroflicha so‘z yuritdi. Ijodkor yoshlar atoqli yozuvchi asarlaridan parchalar o‘qidi. O‘tkir Hoshimov hayoti va ijodiga oid videfilm namoyish etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA