Surxondaryo viloyatidagi ta’lim muassasalarida "Ilm–saodat kaliti!" shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
O‘quvchi-yoshlarning qadrdon maktablari bilan xayrlashuv marosimlarida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar, mahallalar faollari, nuroniylar, ta’lim muassasalari bitiruvchilari qatnashdi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi 16- maktabda o‘tkazilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etib, Prezidentimizning mamlakatimiz maktablari bitiruvchilariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Maktabni tugatayotgan o‘g‘il-qizlarni tabriklab, ularning kelgusidagi o‘qish va ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Joriy o‘quv yilida Surxondaryo viloyatidagi 983 ta maktabni 81 ming 71 nafar 9-11-sinf o‘quvchisi tugatib, mustaqil hayotga yo‘llanma olmoqda. Ularning 47 ming 982 nafari 9-sinf, 33 ming 89 nafari 11-sinf bitiruvchilaridir. Ta’lim dargohlarini 11-sinf bitiruvchilarining 590 nafari oltin, 129 nafari kumush medal bilan yakunlamoqda.
Tadbirda 2022-2023-o‘quv yilida namunali xulqi va a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlandi. Odob-axloqi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilarning ota-onalari ham munosib rag‘batlantirildi. Shuningdek, o‘quv yilida xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan Termiz shahridagi umumta’lim maktablarining bir guruh o‘quvchilariga viloyat hokimining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri