Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Okrug komissiyasi raisi Abdusalom Xo‘jaqulov boshqarib borgan yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martdagi hamda Senatining 14 martdagi qarorlariga ko‘ra, joriy yil 30 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumi o‘tkazilishi ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2023 yil 16 mart kuni o‘tkazilgan majlisida referendumni o‘tkazish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegarasi doirasida 14 ta referendum okrugi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingani qayd etildi.

Ta’kidlandiki, referendumga oid qonunchilikka ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasi a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tavsiyasi asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlandi. Shunga muvofiq Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 9- Surxondaryo okrug komissiyasi a’zoligiga nomzodlar tavsiya etilgan. Sessiyada saylov hamda referendumlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishda yetarli ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor topgan fuqarolar orasidan 21 nafar a’zo va ular orasidan komissiya raisi, o‘rinbosari, kotibi ma’qullangan edi.


Okrug komissiyasining dastlabki yig‘ilishida komissiya a’zolari kun tartibidagi tashkiliy masalalarni ko‘rib chiqdi. Unda referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ish rejasi tasdiqlandi. Komissiya a’zolarining vazifalari taqsimlanib, referendumga tayyorgarlik ko‘rish davrida okrug saylov komissiyasi a’zolarining navbatchilik jadvali belgilandi. Okrug komissiyasi a’zolarining vazifalar taqsimoti, ish hujjatlari nomenklaturasi, okrug komissiyasi ayrim a’zolarini referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etish kabi muhim masalalar muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.


O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug komissiyasi raisi o‘rinbosari Rasul To‘rayev, komissiya kotibi Zebiniso Alimardonova, komissiya a’zosi Chori Qurbonov va boshqalar komissiyalar azolari uchun poytaxtimizda o‘tkazilgan seminar mashg‘ulotlari mazmun-mohiyati, kalendar rejada belgilangan ishlarni o‘z muddatida bajarish, ijro intizomiga qat’iy rioya etish, barcha ishlarda sifat ko‘rsatkichini ta’minlash singari masalalar bo‘yicha ham atroflicha fikr almashildi. Okrug komissiyasi a’zolariga a’zolik guvohnomalari topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri