Navro‘z umumxalq bayrami va muborak Ramazon oyi munosabati bilan mamlakatimizda “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hasharida surxondaryoliklar ham faol ishtirok etmoqda.
Erta tongdan vohaning olis va chekka hududlarida ham “Mahallamga 10 tup daraxt – mening tuhfam” shiori ostida ko‘chat ekish, qarovsiz hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, mahallalar, ko‘p qavatli turar – joy va yakka tartibdagi uy – joylar atrofi, ko‘cha va xiyobonlar, muqaddas ziyoratgoh va qabristonlar, bolalar maydonchalarini tartibga keltirish uyushqoqlik bilan boshlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hasharda 800 mingdan ortiq kishi ishtirok etmoqda. Ularning qariyb 460 ming nafari yigit-qizlardir. Sharqona Yangi yilni munosib nishonlash va muborak Ramazon oyini obod, saranjom sarishta yurtda qarshi olishdek ezgu maqsadga yo‘naltirilgan umumxalq xayriya hashari doirasida 1 ming 50 gektardan ziyod maydon obodonlashtirilib, 1 ming 300 tonnaga yaqin maishiy chiqindi alohida belgilangan joylarga chiqarib tashlanadi. 650 ta qabriston, 40 ga yaqin ziyoratgohda obodonlashtirish ishlari olib boriladi. 125 mingdan ortiq manzarali, 70 mingga yaqin mevali daraxt, 176 ming tup gul ko‘chati o‘tqaziladi. Hasharga 600 dan ortiq turli texnika vositasi jalb etilgan. Vohada aholining ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ularga moddiy yordam ko‘rsatishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Bugun viloyatda keng quloch yozayotgan mehr-saxovat tadbirlariga 100 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanadi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Surxondaryo viloyat bo‘limi boshqaruvi mas’ul xodimi Oltiboy Astanaqulov. – Bu mablag‘ evaziga kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalarning 144 ta uy-joyi ta’mirlanib, tartibga keltiriladi. 350 ta ehtiyojmand oila, jumladan, ularning 102 nafari nogironligi bo‘lgan shaxsga moddiy yordam ko‘rsatiladi. Viloyatda umumxalq xayriya hashari ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA