Surxondaryoda g‘o‘za gulladi
Angor tumanidagi “Zamin Angor klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati paxta dalalarida ko‘kka bir tekis bo‘y cho‘zayotgan g‘o‘za nihollari gullab, ilk hosil nishonalarini ko‘rsatdi.
Joriy yil erta bahorda tuman paxtakorlari 4 ming 734 gektar maydonga g‘o‘za urug‘i qadab, bir tekis undirib oldi. Ekin maydonlarining ikki ming gektarida ingichka tolali g‘o‘za navi parvarishlanmoqda. Qolgan maydonlarda mahalliy iqlimga mos, erta va o‘rta pishar, sifatli tolali paxta yetishtirilayotir.
Viloyatda bahor ob-havosining mo‘’tadil kelayotgani g‘o‘zaga ishlov berishni o‘z vaqtida amalga oshirishga qulay muhit yaratdi. Ayni kunlarda barcha agrotexnik tadbirlar sifatli olib borilmoqda. Bu yil vohada 13 ta paxtachilik to‘qimachilik klasteri 72 ming 270 gektar yerda erta va o‘rtapishar hamda “Termiz-204”, “SP-1607” navli ingichka tolali paxta yetishtirmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri