Prezidentimizning tegishli farmonlariga muvofiq mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan bir guruh surxondaryoliklar ham yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, turli mukofotlar bilan taqdirlangan fidoyi insonlar va nuroniylar ishtirok etdi.
–Mamlakatimizning janubdagi vohasi yildan-yilga yuksalib, odamlarning turmush darajasi oshmoqda,¬–dedi viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov.
–Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ko‘p millatli xalqimizning osuda hayoti va farovon turmushini ta’minlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda sizlarning alohida xizmatingiz bor. Samarali va halol mehnatingiz, Vatanga xizmatingiz davlatimizning yuksak orden va medallariga munosib ko‘rilganidan barchamiz faxrlanamiz.
Yurt ravnaqi yo‘lidagi kelgusi ishlaringizga omad, sog‘lik va xonadonlaringizga fayz tilaymiz.
Marosimda mukofotlar tantanali topshirildi.
[gallery-25036]
Tadbir yakunida davlat mukofotlariga sazovor bo‘lganlar Yangi O‘zbekiston tinchligi va taraqqiyoti uchun bor bilim hamda kuchini ayamaslikka va’da berib, ko‘rsatilgan e’tibor uchun davlatimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri