Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda chigit unib chiqdi
15:48 / 2024-04-02

Joriy yilda Surxondaryo viloyati paxtakorlari 72 ming gektar maydonda ertapishar va serhosil g‘o‘za navlarini parvarishlaydi. Ayni kunlarda mavjud maydonlarga baraka urug‘i qadash qizg‘in davom etmoqda.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shu kungacha chigit ekish uchun tayyorlangan maydonlarning qariyb 52 ming gektariga urug‘ sepildi. 28 ming gektarga yaqin maydonda chigit bir tekis unib chiqdi. G‘o‘za nihollari bo‘y ko‘rsatgan ekin maydonlarida nihollarni parvarishlash yumushlari ham boshlandi.  

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Zamin oq oltin” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, nihollar unib chiqqan dalalarga ishlov berish jarayonlari bilan tanishdi.  

Tumandagi “Zamin oq oltin” fermer xo‘jaligi erta bahorda 37,6 gektar yerga “SP-1607” navli serhosil va tezpishar g‘o‘za urug‘ini qadab, undirib oldi. Har gektar yerdan o‘rtacha 50 sentnerdan hosil olishni mo‘ljallayotgan tajribali fermer vohada birinchilardan bo‘lib, nihollarni parvarishlashga kirishdi.  

–Paxta milliy boyligimiz, boshoqli don to‘kin turmushimiz manbai,–dedi viloyat rahbari.– Har ikkisini ham mehr bilan parvarishlab, mo‘ljaldagi hosilni yig‘ib olishimiz kerak. Lekin dala atroflaridagi bo‘sh yerlardan ham oqilona foydalanishimiz zarur. Buning uchun dala chetlariga hudud iqlimiga mos oziq-ovqat ekinlarini ekib, salmoqli hosil yetishtirsa, qo‘shimcha daromad topsa bo‘ladi. Bo‘sh yerlardan bunday usulda foydalanish qishloqda qo‘shimcha ish o‘rni yaratish barobarida bozorlarimizda narx-navoning yanada arzon bo‘lishiga olib keladi.  

Viloyat hokimi olimlar, mutaxassislar va fermerlarga paxtadan mo‘l hosil olish uchun hozirdan barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazish yuzasidan tegishli taklif hamda tavsiyalarini bildirdi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri