Prezidentimizning 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Toshkent va Xiva shaharlarida o‘tkaziladigan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida joriy yilning 17-18 oktyabr kunlari Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etilayotgan nufuzli ilmiy anjumanga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
– Anjumanda yurtimizda ko‘zga ko‘ringan islomshunos olimlar, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilarimiz bilan birga dunyoning o‘nga yaqin mamlakati, jumladan, Turkiya, Qatar, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan 50 dan ortiq taniqli olim va ulamolar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishi kutilmoqda, – deydi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, yubiley faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita kotibi Muzaffarxon Joniyev. – Bu dunyoda muqaddas islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk olim, yurtdoshimiz Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganishga qiziqish, intilish kuchliligidan dalolat bermoqda. Ikkinchidan, benazir olimimizning yubileylarini keng nishonlash xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida ul zotning nodir asarlarini yanada ko‘proq targ‘ib etish, olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamini boyitib, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.
Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya”, “Sunani Termiziy” kabi nodir asarlari qadri bizning davrimizda ham oshib bormoqda. Dunyoda globallashuv jarayonlari kechayotgan hozirgi paytda insonni, ayniqsa, yosh avlodni halol, pokiza, iymon-e’tiqodli, rahm-shafqatli, ota-ona va tevarak-atrofga mehr-muhabbatli, e’tiborli kabi yuksak fazilatlar sohibi bo‘lishga da’vat etishi bilan muhim ahamiyat kasb etayotir. Yubiley munosabati bilan ulug‘ olim asarlari moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan ko‘p jildlik akademik tarjimasi hamda sharhi nashr etilmoqda.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman to‘rtta shu’bada bo‘lib o‘tadi. Unda Imom Termiziy va Hakim Termiziyning hayoti, ilmiy merosi, ularning hadis ilmi rivojida tutgan o‘rni, Imom Termiziyning “Sunan” nomli asarining o‘ziga xos jihatlari, Termiziy allomalar ilmiy merosi hamda ularning hozirgi kundagi ahamiyati singari mavzularda qiziqarli ma’ruzalar tinglanib, muhokama etiladi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman yakunida deklaratsiya qabul qilish, anjuman natijalarini to‘plam shaklida nashr etish kutilmoqda.
– Imom Termiziy va Termiziy allomalar ilmiy merosining o‘ziga xos xususiyatlari hamda bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyati xalqaro ilmiy anjuman uchun ilmiy va amaliy platforma bo‘lib xizmat qiladi, – deya suhbatni davom ettiradi Muzaffarxon Joniyev. – Xalqaro anjumanning birinchi kuni yalpi yig‘ilish va shu’balarda ma’ruzalar bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi kun anjuman ishtirokchilarining Imom Termiziy va Hakim Termiziy majmualariga, Surxondaryo viloyatining diqqatga sazovor qadamjolariga tashrifi ko‘zda tutilgan. Uni yuqori saviyada o‘tkazish va ishtirokchilarga barcha sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan sokin go‘shalarga olib boruvchi yo‘l bo‘ylari obodonlashtirildi. Majmualar atrofi tartibga keltirildi.
Viloyatda nufuzli xalqaro ilmiy-amaliy anjumanga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri