FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida minglab oilalar zamonaviy uy-joylarga ega bo‘lmoqda.
Yangi xonadon kalitini qabul qilib olayotgan har bir yurtdoshimiz inson qadrini ulug‘lash yo‘lida amalga oshirilayotgan bunday islohotlardan minnatdor. Shu tariqa inson qadri uchun degan ezgu tamoyil har bir oilaning hayotida, jumladan, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz turmush tarzida ham o‘z ifodasini topmoqda.
Viloyatda “Yangi O‘zbekiston” massivlari Termiz, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo, Boysun va Angor tumanlarida barpo etilmoqda. Mazkur hududlarda qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning afzalligi, avvalo, oqova va ichimlik suvi, elektr ta’minoti, markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan ta’minlanishidir. Termiz tumanining Yangiobod mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida ijtimoiy soha ob’ektlari, xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash ob’ektlari, 1500 o‘rinli 2 ta oliy ta’lim muassasasi, “Yangi O‘zbekiston bog‘i”, “Amfiteatr” ko‘ngilochar maskani barpo etilib, aholi ko‘chib kelganidan so‘ng, shahar markazini bog‘lash uchun yangi transport yo‘nalishlari qo‘yiladi. Massivda qad rostlayotgan 12 va 16 qavatli uylarning eng yuqori qavatiga chiqilsa, tuman hududi kaftdek ko‘rinadi.
[gallery-26150]
Termiz tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida 2000 xonadon qurilib, shuncha oila uy-joy bilan ta’minlandi.
Ayni paytda qurilishi davom etayotgan ob’ektlarda ichki va tashqi pardozlash ishlari olib borilmoqda. Yaqin vaqt ichida yana yuzlab xonadonlar yosh oilalarni o‘z bag‘riga oladi. Viloyatda qurilayotgan ushbu “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qad rostlayotgan 5 va 9 qavatli uylar 2-3 xonadan iborat. Har bir xonadonning alohida issiqlik va suv isitish tizimlarining o‘rnatilgani ham xona haroratini boshqarish, energiya sarfini ikki barobargacha qisqartirish imkonini beradi. Tom ma’noda aytganda, qaror va farmonlar faqat qog‘ozda emas, balki aholi hayotida, ularning turmush tarzida ham o‘z ifodasini topayotgani insonlarda ertangi kunga ishonchni, yurtga muhabbat va islohotlarga qarashini mustahkamlamoqda.
Bugun Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari nafaqat arxitekturada, balki inson qalbida ham yangi nafas, yangi ruh, yangi orzu-umidlarni uyg‘otishi shubhasiz. Zero, farovon hayot xalq roziligidan boshlanadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA