Surxondaryo viloyatida bugun 53 mahalla fuqarolar yig‘ini uchun bunyod etilgan xizmat binosi foydalanishga topshirildi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Sariosiyo tumanidagi “Sebzor” mahalla fuqarolar yig‘inining yangi idorasini foydalanishga topshirish marosimida ishtirok etib, videokonferens aloqa shaklida zamonaviy binolarda ish boshlayotgan mahallalar faollarini tabrikladi. O‘zini-o‘zi boshqarish organlarining inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu tamoyil asosida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlab, xalqimiz orasida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash, ko‘p asrlik an’analarimizni asrab-avaylab, ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, oilalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etib, yoshlarni ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgani haqida atroflicha so‘z yuritdi. Mahallalarning yangi xizmat binolarida “yettilik”lar uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilganini ta’kidlab, xalqimizning tinch-to‘kin turmushi, mahallalar obodligi va yurtimiz taraqqiyoti yo‘lidagi ishlariga omad tiladi.
Janubdagi vohada 724 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, joriy yil boshida ularning yuztasi o‘z xizmat binosiga ega emas edi. Shu bois ayrim mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari turli idoralarda, o‘z uylarida, maktab va kollejlar binolarida faoliyat yuritib kelardi.
Joriy yil boshida ularga yangi bino qurib berish rejalashtirilib, uni ikki bosqichda amalga oshirish belgilandi. Dastlabki bosqichida 53 ta mahalla fuqarolar yig‘ini binosini barpo etish uchun qariyb 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, qurilish ishlari tez, sifatli amalga oshirildi. Binolar mebel, kompyuter va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Shu asosda Denov tumanida o‘nta, Qumqo‘rg‘on va Uzun tumanlarining har birida oltitadan, Jarqo‘rg‘on, Oltinsoy va Qiziriq tumanlarida beshtadan, Sariosiyo va Sherobod tumanlarida to‘rttadan, Angor va Sho‘rchi tumanlarida ikkitadan, Bandixon, Boysun, Muzrabot va Termiz tumanlarida bittadan mahalla yangi binoda ish boshladi.
Shu paytgacha o‘zining xizmat binosiga ega bo‘lmagan yana 47 ta o‘zini-o‘zi boshqarish organi uchun ikkinchi chorak yakuni bilan tegishli mablag‘ ajratilib, qurilish ishlari boshlanadi. Barcha qulaylik yaratiladigan bu binolarni ham tez, sifatli bunyod etib, qisqa vaqtda foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda.
Sariosiyo tumanining Sebzor mahallasida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbir yakunida Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan viloyat faollari va mehnat faxriylari uchun dasturxon yozilib, Vatan osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlar ruhi yod etildi. Yangi O‘zbekistonga tinchlik, yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga bardavomlik, elimizga farovon turmush, keksalarga kuch-quvvat, yoshlarga baxt-u saodat tilab, duoga qo‘l ochildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri